Tanlovga “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan hayotiy misollar va ilmiy asoslangan tahlillar asosida xolis va haqqoniy yorituvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.
“ENG ULUGʻ, ENG AZIZ”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi mamlakatimiz mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan “ENG ULUGʻ, ENG AZIZ” anʼanaviy koʻrik-tanlovini eʼlon qiladi.
Tanlovga “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan va 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida mamlakatimizni har tomonlama obod qilish, uning iqtisodiy qudratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va obroʻsi oshib borayotgani, pandemiya sharoitida ham davlat va jamiyat hayotidagi oʻzgarishlar izchil davom etayotganini hayotiy misollar va ilmiy asoslangan tahlillar asosida xolis va haqqoniy yorituvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.
“Eng ulugʻ, eng aziz” anʼanaviy koʻrik-tanlovi quyidagi nominatsiyalar boʻyicha oʻtkaziladi:
– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;
– bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari;
– ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari;
– televideniye va radio ijodkorlarining materiallari;
– tasviriy sanʼat, foto asarlari va dizayn ishlari;
– kino sanʼati asarlari.
Shuningdek, tanlov doirasida Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganining oʻttiz yilligi munosabati bilan bosma OAV, veb-sayt, telekanal va radiokanallar ijodkorlari uchun har bir yoʻnalish boʻyicha bittadan “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” ragʻbatlantiruvchi nominatsiya joriy etilmoqda.
Koʻrik-tanlovga 2019-yilning 15-avgustidan 2020-yilning 15-avgustigacha boʻlgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlar, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida eʼlon qilingan maqolalar, radio va telekanallarda efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy sanʼat va kino sanʼati asarlari joriy yilning 10-sentyabriga qadar qabul qilinadi.
Koʻrik-tanlov gʻoliblari 2020-yil sentyabr oyida taqdirlanadilar va ularning roʻyxati matbuotda eʼlon qilinadi.
Koronavirus pandemiyasi sababli karantin qoidalaridan kelib chiqib, tanlovga yuboriladigan ijodiy ishlar onlayn shaklda qabul qilinadi.
Ishtirokchilar (muallif va uning professional faoliyati toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot; pasport nusxasi; manzil va bogʻlanish telefonlarini ilova qilgan holda) oʻz ijodiy ishlarini “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanloviga hamda “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” nominatsiyasiga deb (nominatsiya yoʻnalishini) koʻrsatgan holda quyidagi shakl va formatlarda tanlov2020@aimc.uz elektron pochtasiga yoki @tanlov2020 telegram manziliga yuborishlari lozim:
– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari pdf formatda;
– ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari havolalar (ssыlka) koʻrsatilgan holda;
– tasviriy sanʼat, foto asarlari va dizayn ishlari JPG formatda;
– kino sanʼati asarlari AVI formatda google disk, yandex disk yoki boshqa virtual resurslarga yuklanib, havolasi yuboriladi (mazkur havola 30 kun davomida ishlab turishi zarur);
– televideniye va radio ijodkorlarining materiallari mp3 hamda AVI formatda google disk, yandex disk yoki boshqa virtual resurslarga yuklanib, havolasi yuboriladi (mazkur havola 30 kun davomida ishlab turishi zarur).
Eslatma: yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari bitta kitobdan, kino sanʼati asarlari bitta toʻliq metrajli kinoasardan, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlarining materiallari, tasviriy sanʼat, foto asarlari va dizayn ishlari uchtadan kam boʻlmasligi lozim.
Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining (71) 244-32-33 telefon raqamiga murojaat qilinishi mumkin.