O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.06.2019 18:12 Chop etish versiyasi

Diqqat, haydovchi! Kunduzi chiroqlarni yoqib yurish endi majburiy emas

Diqqat, haydovchi! Kunduzi chiroqlarni yoqib yurish endi majburiy emas

Aholi fikri inobatga olindi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sabab koʻplab noroziliklar yuzaga kelgan edi. OʻzA saytida ham bu mavzuda bir necha maqola ham eʼlon qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Yoʻl harakati barcha ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida amaliy choralar koʻrildi.

Endilikda 2021-yil 1-yanvarga qadar kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlar yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish shartligi boʻyicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuni qayd etish oʻrinliki, avtomatik farasi yonadigan mashinalar sirasiga “Malibu”, “Nexia” “Tracker” va eksportga chiqadigan “Cobalt” avtomobillaridagina mavjud.

Shuningdek, kunning yorugʻ vaqtida transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda, yoʻlovchilarni tashiyotgan avtobus va yoʻnalishli transport vositalarida, bolalar guruhini tashkiliy tashishda, xavfli, katta oʻlchamli va ogʻir vaznli yuklarni tashishda, mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida), mototsikl va mopedlarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerak.

Ishlab chiqaruvchilar uchun talablar qatʼiylashtirildi. 2020-yil 1-yanvardan mamlakatimizda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi. Chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlarining mavjudligini sertifikatsiyadan oʻtkazish majburiydir.

Mamlakatimizda islohotlar inson va uning manfaatlari uchun ekani keyingi yillarda amalga oshirilayotgan barcha ishlarda oʻz ifodasini topmoqda. Chunonchi, birgina mazkur qarorni ishlab chiqishda aholining fikri inobatga olingani ham buni tasdiqlab turibdi.

Barno Meliqulova, OʻzA