Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 15:31 Chop etish versiyasi

Diqqat, e’lon!

Eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlari uchun "best ip – 2018" tanlovi

O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi respublikada eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlarini aniqlash va huquq egalarini mukofotlash orqali ixtirochilik va ilmiy-texnikaviy ijodni rag‘batlantirish, innovatsion faollikni oshirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishga ko‘maklashish hamda yoshlarning innovatsion ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

“Eng yaxshi ixtiro”;

“Eng yaxshi foydali model”;

“Eng yaxshi sanoat namunasi”;

“Eng yaxshi seleksiya yutug‘i”;

“Eng yaxshi EHM uchun dastur va ma’lumotlar bazasi”;

“Yoshlar o‘rtasida eng yaxshi EHM uchun dastur muallifi” nominatsiyalari bo‘yicha "Best IP – 2018" tanlovini e’lon qiladi.
Tanlovga so‘nggi 3 yil (2015-2017 yillar) davomida muhofaza hujjatlari olingan va amalda saqlab turilgan ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari hamda mahalliy mualliflar (huquq egalari) tomonidan yaratilgan EHM uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalari hamda seleksiya yutuqlari qabul qilinadi.

Tanlovning “Yoshlar o‘rtasida eng yaxshi EHM uchun dastur muallifi” nominatsiyasi bo‘yicha 40 yoshga to‘lmagan, o‘zining EHM uchun yaratilgan dasturiga ega bo‘lgan shaxslar hujjatlarini topshirishi mumkin.

Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar 2018-yilning 10-yanvaridan 2018-yil 10-apreliga qadar qabul qilinadi.
Tanlov g‘oliblari “26- aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni” arafasida e’lon qilinadi hamda esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Tanlov ishtirokchilari quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:

– ariza (tanlov Nizomining 1-ilovasiga muvofiq shaklda to‘ldirilgan);

– muhofaza hujjatlarining nusxasi;

– ob’ektdan foydalanish dalolatnomasi yoki ob’ektning foydalanishga tayyorligi to‘g‘risidagi hujjatlar (tajriba yoki sanoat sinovi dalolatnomasi, litsenziya shartnomasi, tatbiq qilish dalolatnomasi va hokazo).

Tanlovga talabnomalar ish kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi:
100000, Toshkent shahri, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 59-uy (5-qavat, Agentlik kutubxonasi).

Shuningdek, tanlovga hujjatlar elektron tarzda tanlov@ima.uz elektron manzilida ham qabul qilinadi.
Hujjatlar “Eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlari uchun “Best IP – 2018” tanloviga” deb ko‘rsatilgan holda topshirilishi lozim.
Ma’lumot uchun telefonlar: 0 371 232-50-27, 0 371 232-50-50, 0 371 232-50-13.

Ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan ariza va hujjatlar tanlov ishtirokchilariga qaytarilmaydi va ularga taqrizlar berilmaydi.
Tanlov to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotni Agentlik saytidan (www.ima.uz) olish mumkin.

O'zA
8 138