O‘zA O`zbek

02.11.2019 Chop etish versiyasi

Dinni niqobga aylantirishdan kim manfaatdor?

Dinni niqobga aylantirishdan kim manfaatdor?

Keyingi paytlarda diniy soha hamda dindorlarning ijtimoiy faoliyati ommaviy axborot vositalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilmoqda. Ammo dunyoda din bilan bogʻliq tahdid va xavotirlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda mazkur soha OAV da qay darajada xolis va professional yoritilyapti? Jurnalistlar ushbu sohadan qanchalik xabardorlar? Qanday qilib OAV orqali ekstremistik guruhlarning buzgʻunchi gʻoyalari tarqalishini oldini olish mumkin?

Axborot-texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda chindan ham aksariyat fuqarolar, ayniqsa, yoshlar uchun turli veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, veb-kanallar diniy maʼlumotlar olishda asosiy manbaga aylandi. Bu esa oʻz navbatida buzgʻunchi gʻoyalar taʼsirining ommaviy axborot vositalari orqali kirib kelishi xavfini kuchaytiryapti.

photo_2019-11-02_16-13-12.jpg

Bu holat har birimizdan turli ekstremistik guruhlarning OAV imkoniyatlaridan foydalangan holda fuqarolarning ongini zaharlashlariga yoʻl qoʻymasligimiz, ularga qarshi axborot kurashining yangi innovatsion usullaridan samarali foydalanishimiz zarurligini koʻrsatmoqda.

Taʼkidlash joizki, OAV orqali buzgʻunchi gʻoyalar tarqalishining oldini olishda jurnalistlar, ayniqsa, blogerlar yaʼni fuqarolik jurnalistikasi vakillarining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni hamda sohani tartibga soluvchi boshqa hujjatlardan xabardor boʻlishlari juda muhimdir. Chunki, ushbu hujjatlar davlatimizning dunyoviy asoslarini mustahkamlash va muqaddas dinimizdan gʻayrli maqsadlarda foydalanishlariga yoʻl qoʻymasliklari uchun umuminsoniy qarashlar tizimini belgilab beradi.

Tan olishimiz kerakki, ayrim jurnalistlarning diniy tushunchalari yetarli darajada emasligi, ular tomonidan diniy taʼlimotni toʻgʻri targʻib qilish, anʼanaviy dinni turli oqimlardan farqini koʻrsatib berish, fuqarolarni buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan himoya qilishda toʻlaqonli faoliyat yuritishlariga toʻsqinlik qilyapti.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, ayrim guruhlarning siyosat bilan din ajralmasdir, ijtimoiy hayotning barcha sohalari islom dini qoidalari asosida boshqarilishi kerak, degan demokratiya tamoyillariga zid daʼvolari ham jamiyatda biryoqlama kayfiyatni keltirib chiqarmoqda.

photo_2019-11-02_16-13-14.jpg

Vaholanki, Konstitutsiyamizning 61-moddasida “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”, - degan norma qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

Ammo dinning davlatdan ajratilgani uning jamiyatdan ajratilganini bildirmaydi.

Mazkur demokratik nazariya, bir tomondan, dinni undan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinishlardan himoya qilsa, boshqa tomondan, uni mutaassiblik va jaholatda ayblashlaridan asraydi. Maʼlumki, davlatni idora qilish, jamiyatni boshqarish dinning emas, balki siyosiy rahbarlarning vazifasidir.

Diniy rahbarlar esa kishilarni islom qadriyatlari asosida tarbiyalab, jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalarni amalga oshirish, hayotiy masalalarni hal etishda davlatga yordam berishlari lozim.

Bir soʻz bilan aytganda, davlat fuqarolarning diniy eʼtiqod va haq-huquqlarini qanchalik hurmat qilsa, dindorlar ham davlat qonunlari va siyosatiga shu darajada ehtirom koʻrsatishlari talab etiladi.

photo_2019-11-02_16-13-10.jpg

Ommaviy axborot vositalari vakillari esa mana shunday tartib-qoidalar asosida oʻz faoliyatlarini yoʻlga qoʻyishlari, jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy hayoti mutanosib rivojlanishi sabablarini aholiga xolis tushuntirishlari kerak.

Shuni yodda tutish kerakki, birinchidan, biz dunyoviy davlatda yashayapmiz, uning esa oʻziga yarasha qonun-qoidalari bor.

Ikkinchidan, har qanday jamiyatda kelib chiqayotgan diniy nizolar aksariyat hollarda ekstremistik guruhlar tomonidan uyushtirilyapti. Shuning uchun ham jurnalistlar, ayniqsa, blogerlarimiz biron-bir maʼlumot yoki axborot tarqatishdan oldin uni chuqur tanqidiy-tahlil qilib, lozim boʻlsa din sohasi vakillari bilan maslahatlashgan holda chop etsalar maqsadga muvofiq boʻlardi.

Chunki keyingi paytlarda din mavzusida haqiqatdan yiroq boʻlgan koʻplab maʼlumotlar chop etilayotgani kuzatilmoqda.

Ana shunday bir paytda baʼzi jurnalistlarning tajovuzkor va tasdiqlanmagan maʼlumotlarni eʼlon qilayotganlaridan koʻz yumib boʻlmaydi.

Garchi ular qasddan tarqatilmayotgan boʻlsa-da, koʻp hollarda aholi tomonidan haqiqat sifatida qabul qilinmoqda va bu ayrim OAVda, ayniqsa, blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilmoqda. Eng achinarlisi, mazkur materiallarning ayrim shaxslar tomonidan qasddan, oʻz qabih niyatlarini amalga oshirish uchun tarqatilayotgan boʻlishi mumkinligini jurnalistlarimiz oʻylab ham koʻrmayaptilar.

Vaholanki, ayrim guruhlar yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berish, soxta gʻoyalarni asl diniy qadriyatlar sifatida talqin qilish va aholi ongiga nosogʻlom aqidani singdirishga harakat qilishyapti.

Ayrim hollarda esa baʼzi jurnalistlar, ayniqsa, blogerlarimiz hijob kiygan ayollar, taʼlim muassasalarida roʻmol oʻrab yurgan qizlarimizning “huquqlar”i himoyachisi sifatida oʻzlarini koʻrsatmoqdalar.

Shu bilan birga ular taʼlim muassasalarida belgilab qoʻyilgan kiyinish tartib qoidalariga boʻysunmaslikni oqlab, buni hijob yoki roʻmolli musulmonlarni kamsitish, deb baholashyapti.

Shuni taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston hududida hali hech kim va hech qachon roʻmol oʻrash yaʼni avratni yopib yurishga qarshilik qilmagan. Faqatgina boshqa millatlarga taqlid qilib, kiyinish madaniyatiga rioya qilmaslik, bilib-bilmay yot gʻoyalarni targʻib qilish kabi illatlarga qarshi turilgan xolos. Bunday illatlar bilan nafaqat Oʻzbekiston balki barcha davlatlar, xususan islom davlatlarida ham jiddiy kurashib kelinmoqda.

Maʼlumki, ommaviy axborot vositalariga qoʻyiladigan muhim talablardan biri bu – xolislik va haqqoniylikdir. Shunday ekan, jurnalistlarimiz mazkur tamoyillarga qatʼiy amal qilgan holda ish yuritsalar, tinchlik va xotirjamligimizga xizmat qilgan boʻlardi.

Sir emaski, ekstremistik va terroristik oqimlar har qanday dunyoviy davlatda olib borilayotgan siyosatga dushmanona munosabatda boʻlayotganlarini jurnalistlarimiz yaxshi biladilar. Ular oʻz gʻoyalarining boshqalardan ustunligini takrorlaydilar, dunyoviylikni, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda qonunlarni inkor etadilar. Odamlarni chin imoniylar va murtadlarga ajratib, xalqlarning urf-odatlari va maʼnaviyatiga salbiy munosabatda boʻladilar. Tashqi koʻrinishga qatʼiy talab qoʻyib, uni buzganlarni kofirlikda ayblashadi. Odamlarni doʻzax bilan qoʻrqitib, oxir oqibatda oʻz saflariga jalb qilishga erishadilar. Shu tartibda kishilarni “zombi”larga aylantirishadi.

Shuning uchun ham biz islom dinining asl mohiyatini keng targʻib qilish, maqsadini xolis ochib berish lozim, deb hisoblaymiz.

Albatta, hech kim xatolardan yuz foiz muhofaza qilinmagan. Lekin bu masalada jurnalistlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan har qanday xato juda ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak. OAV vakillari mazkur sohani yoritishga bel bogʻlagan ekanlar, demak sohaning eng mayda ikir-chikirlarigacha yaxshi bilishlari lozim. Ular oʻquvchilarga ekstremistik oqimlarning asl maqsadi, ular davlatimiz tinchligiga raxna soluvchi yovuz kuch ekanini koʻrsatib, shu haqda maʼlumot berib borsalar, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Shu oʻrinda ayrim OAV vakillari oʻz reytinglarini oshirish maqsadida axborotlarni oʻrganmay ham tarqatayotganlarini taʼkidlash joiz. Ularning asl maqsadi qanday boʻlmasin, oʻquvchilar va tomoshabinlar eʼtiborini tortishdir. Oqibatda toʻgʻri tushunchalarni notoʻgʻri talqin qilish, anʼanaviy islom qadriyatlarini buzib koʻrsatish holatlari koʻpayib, jamiyatda islomofobiya kuchayib bormoqda.

Oqibatda, dinni tushunmasdan yoritish, ikkinchi tomondan esa din bilan qoʻrqitish jamiyatni ikki guruhga ajratib qoʻymoqda.

Toʻgʻri, din sohasi vakillari, jumladan imom-xatib va noiblarning bilim darajasi yildan yilga oʻsib bormoqda. Va, bu yuqoridagidek holatlarning oldini olishda muhim omil boʻlyapti. Lekin ularni obroʻsizlantirish maqsadida ayrim guruhlar, xususan, blogerlar dindorlar maʼruzasidan ayrim jumlalarni yulib olish orqali ularga nisbatan axborot hujumlari uyushtirayotganlarini ham aytish joiz.

Bu nafaqat dindorlar, balki jurnalistlar obroʻsiga ham putur yetkazyapti.

Shu sababli ommaviy axborot vositalari bunday materiallarni tayyorlash va chop etishda shaxsiy javobgarliklari, kerak boʻlsa jamiyat oldidagi masʼuliyatlarini unutmasliklari lozim.

Bas shunday ekan, haqli bir savol tugʻiladi: xoʻsh qanday qilib axborot xurujlariga qarshi turish mumkin?

Birinchidan, OAV soxta maʼlumotlarni tarqatishdan tiyilishi lozim. Ikkinchidan, mutaassiblikdan farqli oʻlaroq, asrlar davomida shakllangan muqaddas dinimiz toʻgʻrisida koʻproq yozish, maʼnaviy qadriyatlarimiz va dunyoviylik masalalarini kengroq targʻib qilish kerak. Faqat shu yoʻl bilangina radikal oqimlar gʻoyasiga qarshi turib, aholida yot mafkuralarga nisbatan immunitetni shakllantira olamiz.

Hech shubha yoʻqki, muqaddas dinimiz, boy tariximiz, azaliy urf-odatlarimiz, ona tilimiz – bularning barchasi Oʻzbekiston kelajagini belgilaydigan mustahkam poydevordir. Uning buzilishi esa millatimizni tanazzulga yetaklaydi. Buzgʻunchi gʻoyalar egalari esa aynan shunga intilmoqdalar.

OAV jamoatchilik fikrini shakllantirishda ham muhim rol oʻynashadi. Shuning uchun ham jurnalistlarimiz professional masʼuliyatlarini yodda tutishlari, avvalambor vijdon amri, shaʼni va qadr-qimmat tamoyillari asosida ish koʻrishlari kerak.

Shunday ekan, soxta maʼlumotlar ortidan quvmaylik. Jamiyatimizda mehr va muruvvat gʻoyalarini keng targʻib etib, barkamol avlodni tarbiyalaylik. Zero, biz qurayotgan jamiyatda oʻz farzandlarimiz, nabiralarimiz yashaydilar. Buni esa hech qachon unutmasligimiz kerak.

Aziz MAQSUDOV,

siyosatshunos.

1 726
OʻzA