O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Diniy bagʻrikenglik – millatlararo totuvlik omili

Diniy bagʻrikenglik – millatlararo totuvlik omili

Samarqandda “Konfessiyalararo muloqot – jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashning muhim omili” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.

Shu kunlarda yurtimizda mehmon boʻlib turgan AQSH delegatsiyasi ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda mamlakatimiz va Amerika Qoʻshma Shtatlari dinshunos olimlari, mutaxassislar, Samarqand viloyatidagi milliy madaniyat markazlari va diniy konfessiyalar vakillari ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari D.Mamatqulov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Sh.Nurullayeva, AQSH Global jalb etish instituti faxriy prezidenti Kris Saypl, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Z.Mahkamova va boshqalar konfessiyalararo muloqotning mustahkamlanishi turli din vakillari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi. Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar eʼtirof etildi.

– Bugungi kunda Samarqand viloyatida 11 ta milliy madaniyat markazi, 21 ta noislomiy diniy tashkilot va 285 ta masjid emin-erkin va oʻzaro hamjihatlikda faoliyat koʻrsatmoqda, – deydi D.Mamatqulov. – Barcha milliy madaniyat markazlari, islomiy va noislomiy diniy tashkilotlarning diniy marosimlari va tadbirlari viloyat hokimligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlanadi. Ular turli bayram va diniy marosimlarni birgalikda oʻtkazishadi. Hozirgi kunda dunyoning turli burchaklarida qonli toʻqnashuvlar, mojarolar yuzaga kelayotgan bir vaqtda mamlakatimizda millatlararo tinchlik va totuvlikning saqlanib turishida bu muhim omil boʻlmoqda.

Davra suhbati qatnashchilari yurtimizda diniy erkinliklar sohasida jiddiy islohotlar olib borilayotgani, diniy eʼtiqod erkinligi taʼminlanayotgani, dinlararo barqarorlik va diniy bagʻrikenglikni kuchaytirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarni alohida qayd etdi.

– Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan seminar va davra suhbatlaridan koʻzlangan asosiy maqsad – turli din vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ularni jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshishga daʼvat etishga qaratilgan, – deydi AQSHning Gʻarbiy Kentukki universiteti professori Edvard Yager. – Ushbu mavzuda biz ham, oʻzbekistonlik hamkasblarimiz va diniy konfessiyalar vakillari ham oʻz fikrlarini bayon etmoqda. Bu koʻpchilik uchun foydali boʻlayotir. Biz, albatta, keyingi yillarda Oʻzbekistonda diniy erkinlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlaymiz va bu islohotlar izchil davom etishi tarafdorimiz.

Amerikalik mehmonlar Imom Buxoriy majmuasi va xalqaro ilmiy tadqiqot markazida ham boʻlib, bu yerda tashkil etilgan muzey faoliyati bilan tanishdi. Xalqaro markazda buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish va tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

– Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi havas qilsa arzigulik maskan boʻlibdi, – deydi AQSH Global jalb etish institutining faxriy prezidenti Kris Saypl. – Birinchi marta bu yerga kelganimda qurilish ishlari davom etayotgan edi. Qisqa vaqtda shunday koʻrkam bino qurilgani va bu markazda Imom Buxoriy singari ulugʻ allomalar ilmiy merosi chuqur oʻrganilayotgani eʼtiborga loyiq. Kelgusida ushbu markazda xalqaro konferensiyalar tashkil etish, buyuk muhaddislarning ilmiy-diniy faoliyatini xalqaro miqyosda oʻrganish niyatidamiz.

Tadbir qatnashchilari Samarqanddagi boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklarni ham ziyorat qildi.

939
Gʻ.HASANOV, OʻzA