Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 18:09 Chop etish versiyasi

Dillarda g‘urur, tillarda shukronalik

Prezidentimizning 2017-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoro viloyati shahar va qishloqlarida ham turli madaniy, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirlardan biri Vobkent tumani “Pushmon” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar samarasida inson, uning huquq va erkinliklari qadriyatga aylangani, xalqimizning fidokorona mehnati evaziga asrlarga tatigulik yutuqlarga erishilgani, yurtimiz jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallagani ta’kidlandi.

– Men katta avlod vakili sifatida sobiq tuzum davridagi va bugungi hayotimizni taqqoslashni istardim, – deydi xalq ta’limi faxriysi, mahalla faoli M.Kenjayeva. – Beqiyos o‘zgarish va yangilanishlar samarasini 3 ming 600 dan ziyod aholi yashaydigan mahallamiz misolida ham ko‘rib turibmiz. Mahallamizda o‘nlab tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Ilgari qishloqda ikki-uch xonadongina o‘z avtomobiliga ega edi, bugun deyarli barcha xonadonning o‘z transporti bor. Bolalarimiz zamonaviy sharoitlar yaratilgan maktablarda ta’lim olmoqda. Salomatligimiz doimiy nazoratda. Hademay, maktabgacha ta’lim muassasasi joriy ta’mirlanib, yangi qulayliklarga ega bo‘ladi. Yaratganga shukr, tushimizga ham kirmagan dorilomon kunlarda yashayapmiz.

San’atkorlar ijrosidagi Vatan, mustaqillik, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 941






Все о погоде - Pogoda.uz