O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

Diego Garsiya-Sayan: O‘zbekistonda Sudyalar oliy maktabining tashkil etilgani professional sudyalarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi

Diego Garsiya-Sayan: O‘zbekistonda Sudyalar oliy maktabining tashkil etilgani professional sudyalarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi janob Diego Garsiya-Sayan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Sudyalar oliy kengashi raisi U.Mingboev hamda Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi direktori H.Isoqov yuksak martabali mehmonni tashrifi bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, inson huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi tizimli amaliy ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Sudyalar oliy kengashi raisi U. Mingboev keyingi ikki-uch yil mobaynida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan sud tizimini isloh qilishning mutlaqo yangi davri boshlanganini qayd etdi. Sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadigan, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining davlat vakolatlariga ega bo‘lgan organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Holbuki, sobiq Ittifoq davrida sud hokimiyati mustaqilligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Sababi, u davrda davlat va jamiyat boshqaruvi faqat kommunistik partiya qo‘lida edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin sud hokimiyati tom ma’nodagi mustaqil tizimga aylandi.

Odil sudlov sifatini oshirish maqsadida sudyalik lavozimini egallash uchun eng kichik yosh 30 yoshdan 35 yoshga o‘zgartirildi. Sudyalik lavozimiga birinchi marta besh yillik muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga tayinlanish yoki saylanish amaliyoti joriy etildi.

Muloqot davomida Sudyalar oliy kengashi raisi o‘rinbosari, Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi direktori H.Isoqov Prezident qarori bilan Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etilganini ta’kidladi.Mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilgan mazkur davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasida ish yuritish va tanqidiy tahlil qilish, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda asoslangan qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradigan interfaol o‘qitish uslublarini ta’lim jarayoniga tatbiq etildi.

Oliy maktabda “sudyani sudya o‘qitadi” prinsipi asosida olib boriladigan dars jarayonlariga kasbiy mahorati yuksak, ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan sudyalar jalb etilgan.

Uchrashuvda mehmon sohaga oid o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Tadbir yakunida D.Garsiya-Sayan qabul uchun minnatdorlik bildirib, Sudyalar oliy maktabining tashkil etilganini yuksak baholadi. Ushbu ta’lim muassasasi professional sudyalarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

1 995
Arslon Eshmurodov, O‘zA