O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Deputatning koʻz oʻngida doim xalq turishi lozim

Deputatning koʻz oʻngida doim xalq turishi lozim

Deputatning koʻz oʻngida doim xalq turishi lozim. “Ular qanday yashayapti, qanday qiyinchiliklarga duch kelayapti, bu muammolarni yechish uchun qanday yoʻl tutish kerak?” degan oʻy-xayollar uning yuragini sira tark etmasligi lozim. Qaysiki, deputatning yuragi, vijdoni uygʻoq boʻlsagina uning qalbiga ana shu tuygʻular tinchlik bermaydi. Tunu kun bezovta boʻladi, gohida muammo yechimini topadi, gohida esa...

Oʻzini ana shunday tashvishlar girdobida his qilayotgan deputatni bir koʻz oʻngingizga keltirib koʻring. U yelkasidagi xalq yuklab qoʻygan masʼuliyatni koʻtarishga oʻzida jurʼat, shijoat topa olayaptimi? Bunga bilimi, salohiyatidan tashqari yana nimadir kamlik qilmayaptimi? Aynan ana shunday masalalar yechimiga bagʻishlab, yaqinda Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining deputatlari uchun oʻquv-seminar tashkil etilgani nur ustiga nur boʻldi.

Biz deputatlar uchun bu oʻquv-seminar juda kerak va zarur edi. Buni Qashqadaryo viloyat kengashiga turli siyosiy partiyalardan saylangan 59 nafar deputat aniq-tiniq his qilishdi. Chunki unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ularni amalga oshirishda vakillik organlarining tutgan oʻrni haqida soʻz bordi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva fikrlari juda oʻrinli boʻldi. U Murojaatnomadagi “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” gʻoyasi hayotimiz mezoniga aylanib borayotganini taʼkidlar ekan, yangi tashabbuslarni koʻtarib chiqishda deputatlarning oʻrni va roli oshib borayotganini eʼtirof etdi.

Oʻquv-seminar doirasida Oliy Majlis Senati rahbariyati, qoʻmita raislari va oʻrinbosarlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan maʼruza va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilgani biz uchun juda foydali boʻldi. Chunki, bu mashgʻulotlar orqali mahalliy Kengash deputatlari va Senat rahbariyati, qoʻmita raislari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashildi, qizgʻin muloqotlar boʻldi, takliflar oʻrtaga tashlandi. Ayniqsa, ishtirokchilar uchun “Taym menejment: vaqtdan unumli foydalanish”, “Muloqot samaradorligi”, “Qarorlar qabul qilish” mavzularida maxsus treninglar oʻtkazilgani ham fikr doiramizni kengaytirdi, yangi davr ruhiga mos faoliyat olib borish yondashuvini shakllantirdi.

Maʼruzalarda mahalliy Kengash deputatlari bilishi va anglab yetishi juda zarur boʻlgan muhim tushunchalar haqida aytildi. Xususan, “5 muhim tashabbus –ijtimoiy soha klasteri” mavzudagi saboqlar bizni juda qiziqtirib qoldi. 2019-yilda Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan va hayotimizga chuqur joriy etilayotgan 5 muhim tashabbus mohiyat eʼtiboriga koʻra, dunyoda analogi boʻlmagan ijtimoiy klasterdir. Ijtimoiy klasterning yetishtiradigan “mahsuloti” bu – inson boʻlish yoʻlidir. Zero inson boʻlishning muhim sharti esa halollik mezoni bilan tavsiflanadi. Bunda “Deputat halolligi”, “Davlat xizmatchisi halolligi”, “Sud –huquq tizimi xodimi halolligi”, “Oʻqituvchi halolligi”, Tibbiyot xodimi halolligi” va “Ota ona halolligi” kategoriyalari aniq misollar asosida tushuntirildi.

Mashgʻulotlar jarayonida “Taraqqiyot nima?” degan savolga javob izlangani ham fikr va mulohazalarimizni boyitishga xizmat qildi. Xulosalar boʻyicha taraqqiyot: “Investitsiya”, “Ilm-maʼrifat”, “Maslahatlashuv” deb talqin qilindi. Lekin bu xulosalarga “Jamoaviy harakatlar” omilini ham qoʻshib qoʻyish zaruriyati borligi aytildi. Buyuk fransuz siyosatshunosi Aleksis de-Tokvil aytganidek, “Eng demokratik davlat bu - fuqarolari maqsadga yetishida oʻzaro maslahatlashish asosida ish koʻradigan, jamoaviy harakat usulini koʻp qoʻllaydigan mamlakatdir”. Bu haqda soʻz yuritganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlarini ham keltirib oʻtish oʻrinlidir: “Oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamaotchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish majburiyligini aniq belgilash kerak. Jamoatchilik maʼqul desa maʼqul, nomaʼqul desa nomaʼquldir...”

Bu xulosalarga tayanib aytish mumkinki, deputatning aholi bilan muloqoti, muammolarni aniqlash xamda hal etish choralari, ommaviy axborot vositalari bilan ishlash koʻnikmalari, investitsiya va hududni rivojlantirishga doir boshka hujjatlar ijrosini nazorat qilish, tegishli davlat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitish borasida ham jamoatchilik fikrini nazardan qochirmaslik lozim.

Mahalliy Kengashlarimizdagi muammolardan biri bu – oʻzaro hamkorlik tizimining mavjud emasligidir, deya taʼkilandi oʻquv-seminarda. Shuning uchun, mahalliy Kengashlarning oʻzaro va Oliy Majlis Senati bilan hamkorligini kuchaytirish, hamkorlik yuzasidan yangicha mexanizm ishlab chiqish zarurati mavjudligi aytildi. Shu bilan birga qonun loyihalari barcha mahalliy Kengashlarimizda dastlabki tarzda koʻrib chiqilishi, qabul qilingan qonunlarimiz yuzasidan keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlari olib borilishi kerak, eng muhim bu ishlar nomiganina oʻtkazilmasligi lozim. Yaqinda respublikamizda oliy taʼlim muassasalari rektorlari ilk marotaba mahalliy Kengashlarga hisob berdi. Mirishkor tumani Kengashi OʻzLiDeP deputatlik guruhi tomonidan tuman hokimining oʻz vazifasiga noloyiqligi haqida qaror qabul qilingani ham deputatlarning faollashib borayotganini koʻrsatmoqda. Bu mahalliy Kengashlarimiz uchun ham, deputatlarimiz uchun ham, xalqimiz uchun ham katta ijobiy yangilik boʻldi.

Bu kabi faoliyatimizni izchil davom ettirib, 2020-yilga moʻljallangan Davlat dasturida belgilangan vazifalarni oʻz muddatida ado etishga va mahalliy Kengashlar faoliyatini yana-da kuchaytirish yoʻlida bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.

Shuhrat TURSUNOV,

OʻzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi, iqtisod fanlari nomzodi.

644
O'zA