O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini boshlaydi

Deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini boshlaydi

Guliston shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 72-Guliston okrug saylov komissiyasida brifing tashkil etildi.

Brifingda viloyat saylov komissiyasi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, siyosiy partiyalarning hamda mutasaddi idoralarning xodimlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 72-Guliston saylov okrugiga qarashli 98 ta saylov uchastkasi tuzilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur saylov uchastkalarining tarkibi to‘liq shakllantirilib, ro‘yxati tadbirda ishtirok etgan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lum qilindi.

Saylov okrugi tomonidan joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkillashtirilib, saylovchilarga bu yilgi saylovning mazmun-mohiyati tushuntirilmoqda.

– Joriy yilning 18 noyabridan boshlab tuman, shahar, viloyat hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqoti ishlarini olib borishiga ruxsat beriladi, – deydi xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi mas’ul kotibi Faxriddin Abdusattorov. – Shu munosabat bilan brifingda tuman, shahar hamda viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning saylovoldi dasturlari, tayyorgarlik ishlari xususida siyosiy partiya vakillaridan axborot so‘raldi. Nomzodlar va siyosiy partiyalarning bosma tashviqot materiallarini chiqarish borasida ko‘rilayotgan choralar yuzasidan qanday ishlar olib borilayotgani haqida atroflicha ma’lumot olindi.

Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Farhod Boqiev jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi.

Xuddi shunday tadbirlar hududdagi qolgan saylov okruglarida ham bo‘lib o‘tdi.

680
A.QAYuMOV, O‘zA