O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Deputatlik soʻrovi ortida xalq manfaati turadi

Deputatlik soʻrovi ortida xalq manfaati turadi

Bugungi kunda amaliyot deputatlik korpusi vakillari toʻlaqonli faoliyat olib borishiga toʻsqinlik qiluvchi ayrim masalalar borligini koʻrsatmoqda. Ulardan biri bu deputat, senator soʻrovlariga mansabdor shaxslar tomonidan ayrim hollarda bepisandlik bilan qarash, yaʼni oʻz vaqtida javob bermaslik, muddatlarini kechiktirgan holda javob qaytarish, soʻrov yuborilgan mansabdor shaxsning oʻzi tomonidan emas, balki uning oʻrniga boshqa shaxslar tomonidan javob qaytarish, hatto baʼzi hollarda umuman javob qaytarmaslik(koʻproq mahalliy kengash deputatlarining soʻrovlariga), mahalliy kengash deputatining daxlsizlik huquqiga rioya etilishiga oid muammolarni sanab oʻtish mumkin.

Maʼlumki, deputat mansabdor shaxslarga, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasida soʻrov yuborishga haqli. Yaʼni bundan koʻrinadiki, har bir deputat soʻrovining ortida avvalambor xalq manfaati turadi. Sababi deputat soʻrovi xalq murojaati asosida yoʻllanadi. Unda aholining muammosi qayd etilgan boʻladi.

Ammo, qonunchilikda mavjud boʻlgan boʻshliq tufayli ayrim mansabdor shaxslar yuborilayotgan soʻrovlarga bepisandlik bilan qarab kelmoqdalar. Yaʼni, deputat soʻroviga nisbatan notoʻgʻri javoblarni yoʻllash, oldi-qochdi, mazmunan sayoz javoblari bilan deputatni tinchlantirishga urinadi. Aksariyat hollarda deputat soʻroviga javobni bevosita mansabdor shaxsning oʻzi emas, balki bunga vakolati boʻlmagan boshqa shaxslar tomonidan imzolash hollari kuzatilmoqda.

Misol uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 2018-yilda mansabdor shaxslar nomiga jami 207 ta deputat soʻrovi yuborilgan boʻlib, ulardan 120 tasi(58%)ga javob tegishli mansabdor shaxs nomidan emas, boshqa shaxs nomidan kelgan. 2019-yilda esa jami 242 ta deputat soʻrovi muayyan idoraning birinchi shaxsi (rahbari) nomiga yuborilgan boʻlsa, ularning 175 tasiga (72%) oʻrinbosarlar tomonidan, 13 tasiga (5%) quyi tashkilot rahbarlari va 2 tasiga (1%) umuman boshqa idora mansabdor shaxslari tomonidan javob xati berilgan. Ushbu holat deputat va senator soʻrovi institutining nufuzini tushirib, uning samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Ushbu masala yuzasidan oʻndan ortiq ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganilganda, aksariyat mamlakatlarning qonunchiligida parlament yoki deputat soʻroviga javob bevosita mansabdor shaxs tomonidan berilishini nazarda tutuvchi normalar mavjud.

Yuqoridagi salbiy holatlarni bartaraf qilish maqsadida “deputat yoki senator soʻroviga javob xati, soʻrov kimning nomiga yuborilgan boʻlsa aynan oʻsha mansabdor shaxs tomonidan yoki uning vazifasini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi” - mazmunida mavjud tegishli qonun normalariga qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Mazkur qoidani qonunchilikka kiritilishi natijasida deputatlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirishga, mansabdor shaxslarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishga shuningdek, saylovchilarning muammolariga samarali yechim topishga olib keladi.

Umuman deputatlik soʻroviga munosabat borasida Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda: “deputat soʻrovi – xalq soʻrovi sifatida koʻrilishi shart”, “deputatga bepisandlik – xalqqa bepisandlik deb baholanishi shart”.

Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

1 288
O'zA