O‘zA O`zbek

03.08.2018 22:31 Chop etish versiyasi

Deputatlar munozarasi: nima taklif etildi?

Deputatlar munozarasi: nima taklif etildi?
Parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan ayrim qonun loyihalari muhokamasi yuzasidan munozara tashkil etildi.

Tadbirda Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan “Yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi va “Ayollar va erkaklar huquq va imkoniyatlari tengligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari loyihalari muhokama etildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ularning 642 tasi bevosita yoshlar va bolalar manfaatini ifodalaydi. Aholining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha fuqarolar tashkil etishini hisobga olsak, bu nodavlat notijorat tashkilotlari mamlakat yoshlarini to‘liq qamrab ololmaydi. Shu sababli, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faoliyatining kafolatini yanada mustahkamlash talab etiladi. Ayni hayotiy zaruratdan kelib chiqib, “Yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.

Muhokamalar jarayonida qonun loyihasining dolzarbligi, uni qabul qilishdan kutilayotgan natijalar, moliyaviy mablag‘larni talab qilishi, yoshlar va bolalar masalalarida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga ko‘rsatadigan ta’siri yuzasidan bahs-munozaralar olib borildi. Shuningdek, tadbirda “Ayollar va erkaklar huquq va imkoniyatlari tengligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama etildi.

Ishtirokchilar fikricha, Konstitutsiya, Oila, Mehnat kodekslari va boshqa qonun hujjatlari yurtimizda ayol va erkaklarning teng huquqliligini kafolatlaydi. Shu bilan birga, loyiha mualliflari ayolu erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligini kafolatlaydigan yagona qonunni qabul qilish taklif etilmoqda. Unda bu boradagi ko‘rsatkichlar statistikasini yuritish, normativ-huquqiy hujjatlarning gender ekspertizasi va boshqa qoidalar o‘z aksini topadi.

Qonunlar loyihalari yuzasidan kechgan bahs-munozaralarda o‘z pozitsiyasini bildirgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yoshlar va bolalarning ijtimoiy hayotda shakllanishi, rivojlanishi va o‘zini namoyon etishi sohasidagi NNTlar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, rag‘batlantirish mexanizmlarini shakllantirishni muhim ahamiyatga molik masala deb hisoblashini ma’lum qildi. Fraksiya, birinchi navbatda, “yoshlar parlamenti” mexanizmini, yoshlar muammolarini o‘rganish va ular haqida vakolatli davlat organlari haqida o‘z vaqtida xabardor qilish hamda Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari faoliyatiga yoshlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunchilik nuqtai nazaridan tartibga solishga ko‘maklashish uchun tashkil qilinadigan NNT shakllarini joriy etishga e’tibor qaratdi.

“Yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan munozaraga kirishgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari esa, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ajralmas qismi sifatida ushbu yo‘nalishdagi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini samarali amalga oshirishi uchun davlat mulkidan beg‘araz foydalanish, moddiy jihatdan barqarorligini ta’minlashda subsidiyalar ajratish, moliyalashtirish asoslarini yanada takomillashtirish hamda ularda volontyorlik faoliyatini olib borishning huquqiy asoslarini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi “Yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishni taklif etadi. Boisi yoshlar va bolalar manfaatlariga doir barcha masalalarni qamrab oladigan, tegishli davlat dasturlarini amalga oshirishda yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarining roli juda muhim. O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida yoshlar, bolalar, jumladan, nogiron bolalar manfaatlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shundan kelib chiqib, partiya fraksiyasi qonun loyihasida bolalar – nogiron bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni aniq belgilab qo‘yilishi maqsadga muvofiq, degan fikrni ilgari surdi.

Shuningdek, fraksiya a’zolarining fikricha, “Ayollar va erkaklar huquq va imkoniyatlari tengligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi BMTning xotin-qizlarga nisbatan diskriminatsiyaning oldini olish bo‘yicha tavsiyalari va milliy qonunchilikni xalqaro normalarga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilayotgan bo‘lib, kamchiliklardan xoli emas. Loyihada O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa organlar, NNTlar, davlat tashkilotlarining vakolatlari qat’iy belgilab qo‘yilishi, mutaxassislar, keng jamoatchilik fikrlarini inobatga olib takomillashtirilishi talab etiladi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining fraksiyasi Saylovoldi dasturida ayollar va yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, shuningdek, aholi turli qatlamlari manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilanganidan kelib chiqib, fraksiya ikkala qonun loyihasidagi asosiy g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, “Yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasining 16-moddasida Oliy Majlis huzuridagi Fond mablag‘lariningg 30 foizidan kam bo‘lmagan qismi yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilishi belgilanayotgani, biroq bu mablag‘larni ajratish grant, ijtimoiy buyurtma va subsidiya shaklida amalga oshirilishi, ular tanlov asosida ajratilishi hisobga olinmaganini qayd etdi. Fraksiya yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalarini tartibga solish, ularning aniq huquqiy mexanizmlari loyihada yanada mukammal aks ettirilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

“Yoshlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlashda birinchi navbatda milliy tajriba, shuningdek, xorij tajribasi o‘rganilmagani, ayrim moddalari to‘liq asoslab berilmagani, ham yuridik ham siyosiy nuqtai-nazardan maromiga yetkazilmagani, tushunchalarda g‘alizlik borligi va qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqish kerakligi aytildi.

Bahs-munozara yakunida ishtirokchilar qonun loyihalarining g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, ulardagi ayrim kamchiliklarni ham sanab o‘tishdi. Shundan kelib chiqib, qonun loyihalarini takomillashtirish yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
3 346