O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:31 Chop etish versiyasi

Deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor qonun loyihalarini muhokama qildilar

2018-yil 6-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Deputatlar ishni “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tomonidan qoʻshma aksilterror oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Bitimni (Dushanbe, 2008 yil 28 avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini koʻrib chiqishdan boshladilar.

Qayd etilganidek, 2008-yilning 28-avgustida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan bir qator hujjatlar, shu jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tomonidan aksilterror oʻkuv mashgʻulotlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Bitim ham imzolangan edi. Bitim qoidalariga koʻra, bunday oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishdan maqsad — Tomonlarning hududlarida terrorchilik harakatlari sodir etilganida yoki shunday xavf-xatar paydo boʻlganida qoʻshma harakatlarni amalga oshirish uchun maxsus aksilterror tuzilmalarni tayyorlashdan iborat.

Deputatlar nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqada xavfsizlik va osoyishtalikni taʼminlash maqsadida bu borada xalqaro tajriba almashish hamda SHHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari aksilterror boʻlinmalarining terrorchi guruh aʼzolari faoliyatlarini bartaraf etish boʻyicha maxsus operatsiyalarini oʻtkazishda muvofiqlashtirilgan harakatlarini takomillashtirish zaruratini inobatga olgan holda, ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar va uni yoqlab ovoz berdilar.

Shundan soʻng majlis kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama etildi.

Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining “Biznes yuritish” borasidagi koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi. Qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, ulardan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan hujjatlarga muhr qoʻyish, shuningdek, hujjatlar muhr bilan tasdiqlanishining talab qilinishi nazarda tutilgan normalar chiqarilmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, bu yangilik yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yanada soddalashtirishga koʻmaklashadi. Pirovardida esa Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining “Biznes yuritish” borasidagi koʻrsatkichlarini yanada yaxshilash imkonini beradi.

Majlisda koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

Ushbu qonun loyihasi mamlakatimiz Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda boshqa bir qator qarorlarining ijrosini taʼminlash maqsadida Bosh prokuratura tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Yigʻilishda mazkur sohadagi huquqni qoʻllash amaliyoti tahlillari mehnat va mehnat muhofazasi masalalari, bandlik sohasida belgilangan kafolatlarning taʼminlanmasligi, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish, mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilmaslik kabi huquqbuzarliklar soni oshib borayotganini koʻrsatayotgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib,

mazkur loyiha bilan qonunchilikka fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini taʼminlash, mehnat munosabatlaridagi jarayonlarni tartibga keltirish, bandlik va mehnat muhofazasini yanada kuchaytirish bilan bogʻliq tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Majlisda koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi esa Prezidentimizning 2017-yil 1-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturining 23-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu qonun loyihasidan koʻzlangan asosiy maqsad intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, milliy qonun hujjatlarini intellektual mulk huquqlarini tartibga solish sohasidagi xalqaro hujjatlarga muvofiqlashtirish, tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, investitsiyaviy iqlimni yanada yaxshilashdan iboratdir.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi intellektual mulk obyektlariga huquq egalarining mutlaq huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, intellektual mulk obyektlariga huquqlar buzilgani uchun jazo belgilash, sohadagi huquqiy meʼyorlarni xalqaro hujjatlarga moslashtirish, bir soʻz bilan aytganda, jamiyatda intellektual mulkka hurmat bilan qarash munosabatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Yuqori ishchanlik ruhida oʻtgan majlisda deputatlar tomonidan yana bir qator qonun loyihalari qizgʻin muhokama etildi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga doir boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

702