O‘zA O`zbek

02.02.2018 21:10 Chop etish versiyasi

Deputatlar joylardagi ahvolni o‘rganmoqda

Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan fraksiya a’zolari tomonidan joylardagi o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Joriy yilning yanvar oyida hududlarda o‘tkazilgan keng ko‘lamli o‘rganishlarda fraksiya a’zolari 1 ming 475 ta obyektdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat bilan yaqindan tanishdi va tahlil qildi.

Ma’lum bo‘ldiki, aholi tomonidan asosan uy-joy, kommunal xizmat, bandlik, ta’lim, tibbiy, interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish, bank krediti, tadbirkorlik, transport va yo‘l qurilishi kabi masalalardagi mavjud muammolar o‘rtaga tashlangan. Respublika miqyosida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tegishli vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlariga 15 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, ijrosi qat’iy nazoratga olingan.

«Mediatsiya to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida»gi (yangi tahrirda) qonun loyihalariga joylardagi partiya tashkilotlaridan, mahalliy Kengash deputatlaridan hamda elektorat vakillaridan kelib tushgan taklif-tavsiyalar muhokama qilindi.

Mazkur 3 ta qonun loyihasi bo‘yicha jami 210 ta taklif berildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonining 12-bandiga ko‘ra, mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida 11 yillik majburiy o‘rta ta’lim tizimining joriy etilishi munosabati bilan bo‘shaydigan kollej binolarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari ixtiyoriga beg‘araz o‘tkazish, ularning negizida barcha qulayliklarga ega, jumladan, kutubxona va kitob do‘koniga ega bo‘lgan Yoshlar markazlarini tashkil etish nazarda tutilgan edi.

Joylardagi o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ayrim tumanlarda 6-7 ta kollej faoliyatini to‘xtatish arafasida. Shu bois, deputatlar mazkur farmonga tumanlarda maktablar tanqisligini inobatga olgan holda tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi loyihani ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga bir guruh fuqarolar yuborgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
8 249