Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 14:57 Chop etish versiyasi

Deputatlar faoliyatida jonlanish kuzatilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarning izchil ijrosini ta’minlash, o‘z faoliyatiga tanqidiy munosabatda bo‘lish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari yig‘ilishlarida Prezidentimiz Murojaatnomasida deputatlar faoliyatiga oid bildirilgan tanqidiy-tahliliy fikrlar, belgilangan vazifalar chuqur o‘rganildi, fraksiyalar tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosiga kirishilgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya asosida milliy qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi. Deputatlar qonun tashabbuskorligini oshirishda mazkur institut imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Murojaatnoma asosida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgani, unda 50 dan ziyod dolzarb va muhim masalani hal etish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilangani qayd etildi.

Tuman Kengashlari deputatlari faoliyatini jonlantirish, aholi bilan muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish borasidagi ishlar hali-hamon ko‘ngildagiday emasligi yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 127