Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.02.2017 14:24 Chop etish versiyasi

Deputatlar faoliyati tanqidiy tahlil qilinmoqda

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida “Qonunlar va huquqiy dasturlar mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish va ular ijrosi yuzasidan deputatlar nazoratini ta’minlash, bu borada deputatlarning davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorligini mustahkamlash” mavzusida mintaqaviy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, deputatlik guruhi va hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhlari rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz mamlakatimizning barcha hududlari, avvalo, chekka tumanlaridagi ijtimoiy soha obyektlari, maktablar, qishloq vrachlik punktlari, shifoxonalarga tashrif buyurayotgani, aholi bilan faol muloqotda bo‘lib, kayfiyati bilan qiziqayotgani, ularni o‘ylantirayotgan masalalar yechimi bo‘yicha maxsus qarorlar qabul qilayotgani xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, ularning doimiy komissiyalari, deputatlik guruhlari faoliyatida davlat va nodavlat tuzilmalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, deputatlarning joylarga chiqib, qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosi, aholining talab-ehtiyojini chuqur o‘rganishi yangi vazifalarni belgilashda, amaliy qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan viloyatda xalq bilan o‘tkazilayotgan muloqotlar doirasida mahalliy Kengashlarning faoliyati o‘rganilib, muhokamalar chuqur tahlil asosida o‘tayotgani tadbirning amaliy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari, deputatlar guruhlarining qonun ustuvorligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish kabi eng muhim sohalardagi o‘rni, vazifalari aniq belgilab olinmoqda.

– Istiqbolda qabul qilinadigan qonunlarning ta’sirchanligi, samaradorligi, shuningdek, joylarda ularning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish har bir deputatning faolligi va o‘z burchini vijdonan bajarishiga bog‘liq, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov. – Chunki viloyat, shahar, tuman Kengashlari deputatlarining aksariyati bevosita saylov okrugida yashaydi, ishlaydi, saylovchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, davlat hokimiyati bilan ommani bog‘lab turadi. Binobarin, ushbu seminar-treningda deputatlarning keng omma bilan ishlashdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari, deputatlik guruhlari faoliyatini yaxshilash, deputatlarning xalq bilan muloqotdagi faolligini yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
612






Все о погоде - Pogoda.uz