Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 18:15 Chop etish versiyasi

Deputatlar Davlat byudjeti ijrosini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishlarda fraksiyalar a’zolari Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari Yo.Tursunov ma’ruza qildi.

Unda ta’kidlanishicha joriy yilning 14-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tarmoqlar va hududlarda mavjud muammolar, kamchiliklarni bartaraf etish, iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, faol investitsiya siyosatini yuritish, eksport salohiyatini oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar izchil amalga oshirilishi o‘z samarasini bermoqda.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 7,0 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 5,8, chakana savdo aylanmasi 11,1 foizga o‘sdi.

Fraksiya a’zolari mamlakatimizda barqaror va zamonaviy ishlab chiqarish va milliy mahsulotlar eksport ko‘lami ortib borayotgani, aholi xarid qobiliyatining tobora faollashayotgani yalpi ichki mahsulot hajmi o‘sishiga xizmat qilayotganiga alohida e’tibor qaratdi.

Bu kabi kompleks chora-tadbirlar natijasida 2017-yil birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti tasdiqlangan parametrlarga muvofiq amalga oshirilib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorda profitsit bilan bajarilgan. Inflatsiya darajasi esa belgilangan prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan.

Yig‘ilishda Davlat byudjeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi ta’minlanib, partiyaning maqsadlariga hamohang tarzda fan, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ijobiy baholandi.

Muhokamalar chog‘ida fraksiya a’zolari partiya saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan Davlat byudjetining ijrosi bilan bog‘liq qator masalalarga e’tibor qaratdi.

Jumladan, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, soliq qonunchiligida ko‘zda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan maqsadli foydalanish, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larni samarali sarflash kabi masalalar yuzasidan takliflar bildirildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilgan ustuvor vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish, xususan Davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va shu kabi boshqa chora-tadbirlar 2017-yil birinchi yarim yilligida o‘z aksini topgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Davlat byudjeti daromad qismining ijrosiga to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, 2017-yil birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,6 foizga o‘sdi, belgilangan reja 101,6 foizga bajarildi.

Davlat byudjetining xarajatlar bo‘yicha ijrosi ham deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjetining xarajatlari ijrosi aholi bandligi va real daromadlarni izchil oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish kabi byudjet parametrlarida belgilangan asosiy yo‘nalishlarga qaratildi.

Yig‘ilishda mahalliy byudjetlar daromad bazasini kengaytirish, mahalliy byudjetlar xarajatlarini respublika byudjetiga o‘tkazish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatining 7 ta tumanini to‘liq, shuningdek, mamlakatimizning 27 tuman (shahar)larini subvensiyadan chiqarishga erishilgani alohida e’tirof etildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar Davlat byudjetining xarajatlari ijrosida aholi bandligini ta’minlash, ularni manzilli ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishlariga alohida etibor qaratdi.

Hisobotda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi daromadlari 21,4 milliard so‘m, xarajatlar 21,1 milliard so‘mni tashkil etgani qayd etilgan.

Ma’lumki, aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shunga qaramasdan, deputatlar mazkur sohada olib borilayotgan ishlarni hamon qoniqarli, deb bo‘lmasligini qayd etdi.

Deputatlar fikricha, tug‘ma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar kutilgan natijani bermayotir.

Nogironlar uchun reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish talab etilishi bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish, ularning ta’lim olishi va ishga joylashishida har tomonlama ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.

Fraksiyalar yig‘ilishlarida Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti qo‘llab-quvvatlandi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 118






Все о погоде - Pogoda.uz