Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 19:07 Chop etish versiyasi

Deputatlar Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Ekoharakat deputatlari guruhi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yilning birinchi yarmidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqdi.

Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari Davlat byudjetini taqsimlashda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi.

Mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi, ekologiyani toza saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Prezidentimizning joriy yildagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda “2017-2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorlari yurtimizda ekologiya va sanitariya muhitini yanada yaxshilash, aholi salomatligini mustahkamlash, shahar va qishloqlarimizning yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etishida muhim omil bo‘lmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham atrof-muhitni muhofaza qilish alohida ko‘zda tutilgan.

2017-yilning birinchi yarmida atrof-muhitni muhofaza qilishga sarflangan xarajatlar miqdori 316,8 milliard so‘mni tashkil etdi. Aholi punktlarini obodonlashtirishga 459,1 milliard so‘m ajratildi. Shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ta’kidlanganidek, hisobot davrida mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim jarayoni darajasi hamda sifatini takomillashtirishga qaratilgan dasturlarni mukammallashtirish, shuningdek, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashni davom ettirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Fraksiya a’zolari ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar ijrosiga alohida to‘xtaldi. Sohalardagi mavjud muammo va kamchiliklar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.

Deputatlar sohaga yo‘naltirilgan mablag‘lar mamlakatimizning ilmiy, ilmiy-texnik salohiyatini yanada rivojlantirishda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda hududlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish, ichki yo‘llarni ta’mirlash hamda tumanlarni subvensiyadan chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Deputatlar Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yil birinchi yarmidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini ma’qulladi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
2 165






Все о погоде - Pogoda.uz