O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Deputatlar aholiga bepul tibbiy niqob, sport jihozlari va kitoblar tarqatdi

Deputatlar aholiga bepul tibbiy niqob, sport jihozlari va kitoblar tarqatdi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi shahar Kengashi deputatlari va faollari tomonidan oʻtkazilayotgan “Virusga toʻsiq, mehrga ochiqmiz” xayriya aksiyasi davom etmoqda.

Navbatdagi xayriya aksiyasida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Mahmudjon Baltabayev, Chirchiq shahar Kengashi deputatlari Ravshan Dastirov, Shuhrat Begmatov, Moʻmin Yoqubov tashabbusi bilan shahar sanitariya-epidemiologiya markazi hamkorligida shahardagi yakka-yolgʻiz, yordamga muhtoj keksalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari berildi hamda xonadonlari dezinfeksiya qilindi.

Deputatlar tashabbusi bilan shaharning H.Maqsudov, Navbahor, A.Yassaviy va Sharq mahallalarida dezinfeksiyalash ishlari olib borilib, aholiga bepul tibbiy niqoblar tarqatildi.

Shuningdek, partiya faollari tomonidan xayriya aksiyasi doirasida aholiga karantin davrini mazmunli tashkil etish, salomatligini mustahkamlash maqsadida sport jihozlari hamda kitoblar jamlanmasi ham berildi.

Chirchiq shahrida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholi salomatligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan bu kabi xayrli tadbirlar davom etmoqda.

800
A. Xudoyqulov, OʻzA