O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Deputat so‘rovi e’tiborsiz qoldirilmadi

Deputat so‘rovi e’tiborsiz qoldirilmadi


Joriy yilning 18 oktabr kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Tursunpo‘lat Norboevning “Vazirga 8 savol yoxud Osiyo taraqqiyot banki ajratgan kredit mablag‘lari qaerga ketmoqda?” nomli maqolasi e’lon qilingan edi.

Ushbu maqolaga O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi munosabat bildirdi:

Osiyo taraqqiyoti banki (OTB) ishtirokida “Surxondaryo viloyati ichimlik suvi ta’minoti va sanitariyasi” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 20 martdagi 79-sonli qaroriga asosan 2009-2014 yillarda amalga oshirilgan. Viloyat xokimining 2015 yil 25 iyuldagi 117-sonli farmoyishiga asosan Davlat qabul komissiyasi tuzilib, 2015 yil 15 dekabrda Davlat qabul komissiyasining dalolatnomasiga asosan foydalanishga qabul qilingan.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 40 million dollar bo‘lib, shundan Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 30 million dollar miqdorida zayom, ushbu bankning grant mablag‘i 1,5 million dollar va O‘zbekiston Respublikasining ulushi 8,5 million dollarni tashkil etgan. Loyiha doirasida Angor, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Qiziriq, Sariosiyo va Sho‘rchi tumanlari hamda Termiz shahrida jami 391,3 kilometr magistral va 272,5 kilometr ichki ichimlik suv quvurlari, 11 ta xlorlash inshooti 1 dona suv taqsimlash, 4 dona suv to‘plash va uzatish inshooti va nasos stansiyasi qurilgan. Shuningdek, 2 ta xlorlash, 2 ta suv to‘plash va uzatish inshooti ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan.

Buning natijasida Termiz shahar, 7 ta tuman markazi hamda 48 ta aholi punktida yashovchi 340 mingdan ziyod aholi 2015 yildan boshlab ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda. Jumladan, Jarqo‘rg‘on tumanida “Surxon” suv havzasi orqali qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariyasini yaxshilash” loyihasi doirasida amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari natijasida 17 ta mahallaga, xususan, “Markaziy Surxon”, “Xo‘jaqishloq”, “Mingchinor” “Jinjaktepa”, “Mehnatobod”, “Boymoqli”, “Yangiariq”, “Eskiqishloq” va “Kunchiqish” mahalla fuqarolar yig‘inlariga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida 17 ta qishloq aholi punktini ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida jami 61,7 kilometrm asosiy ichimlik suv quvurlari, 16,7 kilometr uzunlikdagi ichki tarmoqlar va 4 dona ichimlik suv qudug‘i, xlorator binosi qurilib, 1 ming 100 dona ichimlik suv sarfini o‘lchash asboblari o‘rnatilgan. Ushbu maqsadlarda 6515,9 million so‘m o‘zlashtirilgan.

Loyiha doirasida jalb etilgan kredit mablag‘lari o‘zlashtirilishi va qurilish-montaj ishlari olib borilishi “OTB”ning ichki tartib qoidalariga ko‘ra bankning kuzatuv Kengashi orqali amalga oshirilgan. 2014 yil 10 iyulda “O‘zkommunxizmat” agentligi, Termiz shahrida loyihani amalga oshirish guruhi va Injiner konsultantlar guruhi raxbarlarining qurilish-montaj ishlarini yakunlangani to‘g‘risidagi guvohnoma imzolanib, “OTB”ga taqdim etilgan.

Bundan tashqari, 2018 yil iyul oyida viloyat moliya boshqarmasi tomonidan Jarqo‘rg‘on tumanida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar qayta nazorat hisobidan o‘tkazilgan. Yuqorida bayon etilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, mazkur loyihani amalga oshirishga ajratilgan “OTB”ning kredit mablag‘lari to‘liq o‘zlashtirilgan va loyihada ko‘zda tutilgan ob’ektlar qurilib foydalanishga topshirilgan.

Maqolada ko‘tarilgan boshqa masalalar bo‘yicha

2019 yil 11 martdagi vazirlikka yuborilgan deputat so‘rovi bo‘yicha tegishli o‘rganishlar o‘tkazilib, qisqa muddatda viloyat “Suvoqova” korxonasi imkoniyatlaridan kelib chiqib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rilgan. Buni ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholi e’tirof etmoqda va o‘z minatdorchiligini bildirmoqda. Lekin, noma’lum sabablarga ko‘ra muammoni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar hurmatli deputatimiz nazaridan chetda qolib ketgan.

Shuningdek, deputat so‘rovida ko‘tarilgan boshqa muammoli masalalarni bartaraf etish vaqt va muayyan mablag‘ talab etishi, OTB ishtirokida amalga oshirilgan loyiha doirasida qurilgan ichimlik suv quvurlariga qo‘shimcha xonadonlar ulanishi texnik jihatdan mumkin emasligi qayd etilgan. Nafaqat Mingchinor mahallasi balki butun Jarqo‘rg‘on tumanida ichimlik suvi ta’minotidagi mavjud muammolar 2020 yil va kelgusi yillar davomida davlat dasturlari doirasida hal qilinishi rasmiy xat hamda telefon orqali bo‘lgan. Shaxsiy muloqatda hurmatli Tursunpo‘lat Yusupovichga vazir o‘rinbosari va tegishli mutahassislar tomonidan ma’lumotlar berilgan.

Maqolada mazkur loyiha xududida joylashgan Jarqo‘rg‘on tumanining “Markaziy Surxon”, “Xo‘jaqishloq”, “Mingchinor”, “Jinjaktepa”, “Mehnatobod”, “Boymoqli”, “Yangiariq”, “Eskiqishloq” va “Kunchiqish” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 790 ta xonadonga ichimlik suvi noaniq sabablarga ko‘ra yetib kelmayotgani bayon etilgan. Bu holatni o‘rganib chiqish natijasida aniqlanishicha, Jarqo‘rg‘on tumanida OTB ishtirokida amalga oshirilgan loyihaga kiritilgan barcha 17 ta aholi punktida tarmoqlar mavjud bo‘lib, aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.

Muammo faqat Mehnatobod va Mingchinor mahallalarining bir qismida, asosan ichimlik suv iste’moli yuqori bo‘lgan yoz mavsumida suv quvurlarida bosim pasayishi natijasida yuzaga kelayotgani aniqlangan. Ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholining murojaatlari e’tiborsiz qoldirilmasdan Mehnatobod mahallasining 1, 2, 3-ko‘chalarini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar Surxondaryo viloyati “Suvoqova” DUK tomonidan bartaraf etilgan va bugungi kunda aholi suv bilan to‘liq ta’minlanmoqda. Ichimlik suv manbalaridan 5 kilometr masofada bo‘lgan Mingchinor mahallasining yuqori qismida joylashgan xonadonlarga, bugungi kunda aholi bilan kelishilgan holda, jadval asosida ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, deputat so‘rovida “qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani, suv quvurlari ishchi bosimga bardosh berolmayotgani” ham ko‘tarilgan. Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida ma’lum qilamizki, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi barcha loyihalar, jumladan, OTB ishtirokidagi Jarqo‘rg‘on tumanidagi loyiha doirasida qurilish-montaj ishlari chet el konsultanti nazoratida amalga oshirilgan bo‘lib loyiha-smeta xujjatlarida ko‘zda tutilgan barcha ishlar to‘liq va sifatli bajarilgan. Loyiha doirasida qurilgan ob’ektlar 2015 yil 15 dekabrda Davlat qabul komissiyasining dalolatnomasiga asosan foydalanishga qabul qilingan. Ayrim texnik sabablarga ko‘ra quvurlarda yuzaga kelayotgan avariya holatlari esa “Suvoqova” korxonasi tomonidan bartaraf etilmoqda.

Shu bilan birga, muallif maqolasida 2 ming 287 xonadondagi 13740 nafar aholi ichimlik suvi loyihasidan qolib ketgani bayon etilgan. Ma’lumki, har bir loyihani amalga oshirishdan oldin bir qator xujjatlar ishlab chiqiladi va o‘rnatilgan tartibda vakolatli organlar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Jarqo‘rg‘on tumani aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyiha oldi va loyiha-smeta xujjatlari 2009 yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, ajratilgan mablag‘lar doirasida iqtisodiy va texnik jixatdan eng maqbul loyiha qabul qilinib, hududi belgilangan. Shuningdek, loyihaga kirmagan xonadonlarning aksariyati, aholi punktlarning relefi murakkab bo‘lgan, baland hududlarda joylashgan va ularga ichimlik suvini mazkur loyiha doirasida yetkazib berishning texnik jihatdan imkoni bo‘lmagan. Ichimlik suvi quvurlariga ulanmagan xonadonlarning bir qismi esa 2009 yildan keyin, ya’ni loyiha-smeta xujjatlari tasdiqlangandan so‘ng qurilgan bo‘lib, ularni suv bilan ta’minlanishi ushbu loyiha doirasida qo‘zda tutilmagan. Shu sababdan, loyihada ko‘zda tutilmagan xonadonlarni tarmoqlarga ulash davom ettirilsa qurilgan suv ta’minoti tizimi butunlay ishdan chiqadi va 17 mahallada istiqomat qiluvchi aholiga ichimlik suvini yetkazib berish imkoni bo‘lmaydi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, Jarqo‘rg‘on tumani aholisini, xususan, OTB ishtirokidagi loyiha bilan qamrab olinmagan xonadonlarni markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida vazirlik tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Bu ishlar 2020 yildan boshlab Davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Tursunpo‘lat Yusupovich Norboevning aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini e’tirof etadi va qadrlaydi. Vazirligimiz ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga doimo tayyor ekanini bildiradi.

O‘zbekiston Respublikasi

Uy-joy kommunal xizmat

ko‘rsatish vazirligining

Axborot xizmati.


501
O‘zA