O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Deputat ezgu tashabbuslarga hissa qoʻshmoqda

Deputat ezgu tashabbuslarga hissa qoʻshmoqda

Mamlakatimizning har bir hududida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari qoshida tashkil etilgan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari COVID-19 pandemiyasidan jabr koʻrgan aholiga, birinchi navbatda, ehtiyojmand oilalarga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni yetkazish bilan shugʻullanmoqda.

Ushbu homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga mutaxassislar, volontyorlar jalb etilgan boʻlib, shu kunlarda ularning qoʻli-qoʻliga tegmaydi.

Shunday dolzarb bir paytda bunday fidoyilarning xizmatlariga alohida eʼtibor koʻrsatilishi oʻzlarining ham xayollariga kelmagandir balki.

Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Sardor Gʻafforov viloyatda tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga anvoyi gullar bilan kirib borganida, markazda faoliyat koʻrsatayotgan mutaxassislar, ayniqsa, xotin-qizlar hayajonlarini yashira olmadi. Deputatning eʼtiboridan chinakamiga toʻlqinlanib, charchoqlarini ham unutishdi.

Deputat ularning har birlariga guldastalar taqdim eta turib, xalq uchun qilayotgan beqiyos xizmatlarini eʼtirof etdi va butun millat nomidan minnatdorlik bildirdi.

Shu kuni oʻz noodatiy xayriyasini davom ettirgan yosh va salohiyatli deputat Navoiy shahrining orastaligini taʼminlayotgan tozalik posbonlarini ham kutilmagan bir paytdagi eʼtibor bilan xursand qildi.

Maʼlumki, Navoiy shahri Respublikamizdagi eng toza hudud sifatida eʼtirof etiladi. Shahar ozodaligi Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi, albatta.

“Abduqodir orzusi” eksport-import kompaniyasi rahbari Sardor Gʻafforov “Saxovat qutilari”ni xalq vakili sifatida kunning sovugʻiyu, issigʻida, ayniqsa, hozirgi pandemiya davrida ham shahar tozaligi uchun tinmay mehnat qilayotgan obodonlashtirish malikalariga taqdim etdi. Ehtiromdan boshlari koʻkka yetgan farroshlar va gul ekuvchilarning koʻnglini kim ham eslabdi, deysiz shunday sinovli pallada.

Yaxshilikning chegarasi yoʻq. Sardorbekning keyingi yoʻqlovi oilaviy yotoqxonada istiqomat qiluvchi oilalar boʻldi. Oilaviy yotoqxonada yashagan kishi borki, albatta, uning bir tashvishi bor. Koʻnglida zarra miqdoricha kemtigi bor yurtdoshlarimizning davlatimiz bagʻrikengligi, mehr-muruvvatini dildan his etishlari uchun mana shunday eʼtiborning oʻzi yetarli.

Yotoqxonada yashovchilarga ulashilgan 10 turdagi oziq-ovqat jamlanmalari bu yerdagi oilalarning bir oylik yeguligini koʻtaradi.

– Mehrga mushtoq koʻngillarni ziyorat etish bir yaxshilikdir, – deydi xalq deputatlari Navoiy shahar kengashi deputati Sardor Gʻafforov. – Bugun qaysi hamshahrimni yoʻqlamaylik, qay xonadonga kirib bormaylik, ularning koʻzlaridagi quvonchni, mamnunlikni koʻrib koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Ayniqsa, bildirilgan shukronalar, qilingan duolar ruhimga bir tetiklik beradi.

Darhaqiqat, jonkuyarlik bilan bir insonning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish, koʻngillarga yorugʻlik ulashish, el dardida yashash ulkan bir saodatdir aslida.

1 972
Nuriddin RAHIMOV, OʻzA