Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 12:24 Chop etish versiyasi

Denovliklar osh rekordini yangilaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda 14-yanvar kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani oshpazlari 9 tonna osh damlab, o‘tgan yili Toshkent shahrida o‘rnatilgan rekordni yangilamoqchi ekani haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi. Aslida ham shundaymi?

Tuman hokimligidan ma’lum qilishlaricha, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan damlanadigan bu osh aslida 8 tonna. Eng muhimi, u ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinganidek, rekord o‘rnatish uchun emas, balki oshpazlar mahoratini sinovdan o‘tkazish va yurtdoshlarimizga o‘ziga xos bayram kayfiyati bag‘ishlash maqsadida tayyorlanmoqda.

Oshni damlash va tarqatish uchun tuman markaziy stadioniga Toshkent shahridan 8,8 tonna sig‘imga ega ulkan qozon keltirib o‘rnatildi. Palovxonto‘raga sarflanadigan mablag‘ va masalliqlar homiylar tomonidan ajratilmoqda.

– Palov xalqimizning eng sevimli taomi, – deydi bosh oshpaz M.Mavlonov. – Uni yurtimizning turli hududlarida turlicha tayyorlashadi. Bizning Denovimiz ham shunday. Siz aytayotgan palovni 46 oshpaz birgalikda tayyorlab, harbiy qism askarlari, muruvvat uyi, maktab-internat tarbiyalanuvchilari, bemorlar, nogironlar va ehtiyojmand oilalarga tarqatishni mo‘ljallamoqdamiz. Shuningdek, milliy bu taomni aholi keng qatlamlari ham tatib ko‘rib, baho berishlari mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, denovlik oshpazlar tayyorlaydigan palov uchun 2 tonna 200 kilogramm guruch, 2 tonna go‘sht, 2,5 tonna sabzi, 800 kilogramm yog‘, 200 kilogramm piyoz ishlatiladi. Har xil zirovarlar ham qo‘shiladi, albatta.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 028