O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Denov, bu – Denovda!

Denov, bu – Denovda!

Insoniyat tarixini kuzatib shunday xulosaga kelish mumkinki, iqtisodiyotdagi muvaffaqiyatlar maʼrifat va madaniyatning yuksak darajada ekanligidan dalolatdir va ayni paytda iqtisodiyotni rivojlantirmay, ilmiy – maʼrifiy yuksakliklarga erishib boʻlmas ekan.

Bu joʻngina fikrga iqror boʻlmoq uchun ham iqtisodiyoti, ham madaniyati taraqqiy etgan mamlakatlardagi iqtisodiy va maʼrifiy manzaralarni kuzatishning oʻzi kifoyadir.

Chunki ehtiyojning qanoatlantiradigan darajada turli ilm va bilimlarni egallash uchun mablagʻ kerak. Ust – bosh va dasturxondan ortib qoladigan miqdorda mablagʻ toʻplash uchun esa unumli va samarali mehnat qilmoq lozim. Nazarimda, mamlakatimizda mahsulot ishlab chiqarish surʼatlarining xalqaro ekspertlar tomonidan eʼtirof etilayotgan darajada oʻsishini asosiy sabablaridan biri jamiyatimizdagi maʼnaviy yangilanishdir.

Haqiqatan keyingi 28 yil davomida xalqimizning maʼrifiy, madaniy, ilmiy salohiyatini jahon andozalari darajasiga koʻtarish uchun sarf qilinayotgan mablagʻlarni koʻz oldimizga keltirsak, har qanday hisobdonning ham boshini aylantirib yuboradigan raqamlarni koʻramiz. Eng muhimi, bunday beqiyos xarajatlar hozirdanoq oʻzining ijobiy samaralarini bermoqdaki, buni biz iqtisodiy yuksalishlar misolida koʻrib turibmiz.

Shaxmat boʻyicha oʻn yettinchi jahon chempioni Oʻzbekistondan chiqadi, deb kim oʻylagandi? Ammo oʻzbek oʻgʻloni Rustam Qosimjonov oʻz salohiyatining qudrati bilan olamni hayratga soldi, hatto Garri Kasporovday shaxmat qiroli ham vaqti kelganida yer chizib qoldi. Oʻzbekiston bayrogʻini olam uzra koʻtargan Rustam Qosimjonovning Amir Temur ordeni bilan taqdirlanishida ham juda katta maʼno bor. Yoki boʻlmasa, dunyoda polvonlar koʻp, ammo ularning birovi ham eng ogʻir vaznda Artur Taymazovga bas kela olmayaptiku!

Tarixiy nuqtayi nazardan kechagina mustaqillikka erishgan mamlakatning farzandlari juda qisqa fursatlarda juda katta, hattoki, olamshumul muvaffaqiyatlarga erishayotgani oʻz-oʻzidan sodir boʻlayotgani yoʻq.

Eng muhimi, jadal surʼatlar bilan yuksalayotgan iqtisodiyotning salmoqli odimlarini, madaniyat va sportga berilayotgan katta eʼtiborni mamlakatimizning markazida ham, olis viloyat va tumanlarida ham yaqqol koʻrish, kuzatish mumkin. Ana shunday gurkirab rivojlanayotgan muzofotlardan biri Denov tumanidir.

Istiqlolimiz milliy mafkuramiz qaror topishiga keng yoʻl ochib berdi. Uning tomirlari esa koʻp ming yillik tarixga ega boʻlgan qadriyatlarimizdan oziqlanadi.

Mamlakatimizning har bir goʻshasi singari Denov ham faxrlansa arziydigan shonli va zafarli oʻtmishga ega.

Arxeolog va tarixchilar manbalar va moddiy topilmalarni oʻrganib, Denov shahri va tevarak – atrof bundan ikki – uch ming yil ilgari ham rivojlangan hudud boʻlganligini asoslab berdilar. Shuni biling, oʻquvchim: qoloq xalq hech qachon ming yillar sobit turuvchi mustahkam qoʻrgʻonlarni qurolmaydi! Ha, bobolarimiz maʼrifat, madaniyat, iymon va eʼtiqodda benazir odamlar boʻlishgan.

Denovning tarixini aytaversak, katta bir doston boʻladi. Shaharning qoq markazida bundan olti yuz yil ilgari qurilgan Sayyid Otaliq madrasasi turibdi. Roʻparasidagi “Egizi”ni oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida shoʻro jangarilari “Eskilik sarqiti” sifatida buzib, olti yuz yildan beri qilt etmay turgan pishiq gʻishtlarni boʻlmagʻur maqsadlar uchun ishlatib yuborishgandi. Ammo, hozir gap bu haqda emas, xayrli tasodif tufayli saqlanib qolgan Sayyid Otaliq madrasasining istiqlolimiz uchun nechogʻlik ahamiyatli ekani haqida gapirmoqchiman. Men uning timsolida buyuk qadriyatlarimizning zavol bilmas haykalini koʻrganday boʻlaman.

Denovning bugungi kamoli ana shunday mustahkam poydevor ustida turganligiga iqror boʻlish odamning koʻnglini togʻday koʻtarib yuboradi. Modomiki shunday ekan, zamon choʻqqilariga nazar tashlab, ajdodlarimiz bizga bebaho boyliklar qoldirib ketganligini eʼtirof etib, ularga munosib vorislar boʻlishga harakat qilmogʻimiz lozim.

Har joyning oʻz haqiqatlari va ularni meʼyorda ushlab turadigan azaliy qonun – qoidalari bor. Oʻz – oʻzidan tushunarliki, bunday oʻlchamlar Denovga ham toʻla taalluqlidir. Demak, Denov, bu – Denovdir!

Olamning, odamning toʻrt unsurdan tarkib topganini hamma biladi.Buni qarangki, Denovda bu unsurlarning hammasi soz.

Denov xuddi choʻllar tugab, togʻlar boshlanadigan mintaqaga toʻgʻri keladi. Yozi salqin, qishi moʻtadil. Shuning uchun bir vaqtlar bu yerda shakarqamish yetishtirganlar.

Denov xurmosi Oʻzbekistondan tashqarida ham mashhur. Toʻgʻri, qoʻshni tumanlarda, hatto boshqa viloyatlarda ham xurmoni oʻstirish mumkin va shunday boʻlyapti ham, ammo biror joyda Denovdagichalik serhosil va shirin boʻlmaydi.

Denovning markazida Dendrariy bogʻi bor. U yerda qanday daraxtlar oʻsmaydi deysiz. “Lola” daraxtini koʻrib, bu dunyoning turgan – bitgani moʻjiza ekanda, deysiz. Bir paytlar Petrarkaning boshiga gultoj boʻlgan dafnaga bu yerda jaydari oʻsimlik sifatida qarashadi. Hay – hay demasangiz, bambuk bir kecha – kunduzda besh metrga oʻsadi. Bir qarashda eʼtiborni tortmaydigan bu tafsilotlar Denovning tuprogʻi va iqlimi sozligini isbotlovchi dalillardir.

Olamni hayratga solgan ulugʻ bobomiz Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” degan kitobida istiqomat uchun soz va nosoz boʻlgan manzillarning taʼrifini bayon qiladi. Soz joylarning alomatlari sanab oʻtilgan sahifalarni oʻqiyotib Forobiy bu satrlarda Denovni nazarga tutmadimikan, deb oʻylab qolasan kishi. Shu kitobda bitilishicha, soz tuproq togʻlarning qanday joylashuvi, shamollarning qanday va qayoqdan esishi, ichimlik suvining sifati oʻsha yurt aholisining nafaqat sixat – salomatligiga, balki ularning quvvayi – hofizasi, aqliy rivojlanishiga ham juda sezilarli taʼsir qilar, odamlarning tabiatidagi muayyan xususiyatlar ham shu omillarga bogʻliqdir.

Qarang, mustaqillik yillarida Denovdan besh nafar istiqlol fidoyilari–Ibrohim Fayzullayev, Ahmat Narzullayev, Rahmon Muhammadiyev, Hamza Mahkamov, Yusuf Ziyoyevlar Oʻzbekiston Qaxramonidegan yuksak sharafli unvonga sazovor boʻldilar.

Oʻzbekiston xalq yozuvchi Togʻay Murod, Oʻzbekiston xalq artisti Oʻlmas Rasulov, Oʻzbekiston xalq baxshisi Boborayim Mamatmurodovlar shu zamin farzandlaridir.Adabiyot yoʻnalishi boʻyicha besh nafar shoira qiz – Feruza Qurbonova, Shahnoza Tursunova, Farida Toshpoʻlatova, Dilrabo Norqulova, Abdurazzoqova Ruxshonalar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari boʻldilar.

Akademik Nazar Toʻrayevni ilm ahli yaxshi biladi. Nazar akadan bir safar ilmiy faoliyatining mazmunini soʻradim: oʻn million daraja issiqlikda sirtning yemirilishini qanday qilib kamaytirish muammolari ustidagi tadqiqotlarini shogirdlari hamrohligida davom ettirayotgan ekan. Agar ijtimoiy taraqqiyot shunday surʼatlar bilan davom etaversa, 50-60 yildan soʻng insoniyat yer yuzidagi va yer ostidagi yoqish mumkin boʻlgan hamma narsani bitiradi. Ana oʻshanda insoniyatning energiyaga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish va qondirish kerak boʻladi. 

Qanday qilib? Bu yoqda yoqish mumkin boʻlgan oʻtin ham, koʻmir ham, gaz ham tugaydi... Oʻshanda odamlar suvning tarkibidagi vodorod atomini parchalashdan boshqa iloji qolmaydi. Dunyodagi barcha dengiz, ummonlar vodorod atomini esa havoda parchalab boʻlmaydi. Buning ustiga uning parchalanishi uchun 10 million darajada issiqlik kerak. Biz hozir vodorod parchalanayotgan, toʻgʻrirogʻi, portlayotgan makon devorining yemirilishi darajasini kamaytirish muammolarini tadqiq qilyapmiz, degan edi Nazar aka oʻshanda. Nazar aka bayon etgan nazariy ilm manzaralarini koʻz oldimizga keltirib hayratga tushgan edim.

Denov shahrining kun botishida Qizilsuv daryosi boʻyida Tuproqqoʻrgʻon degan manzil bor. Uning yarmini daryo toshqini yuvib ketgan. Ana shu oʻpirilishlar chogʻi chiqib qolgan buyumlarni koʻzdan kechirgan akademik Galina Pugachenkova ularning miloddan oldingi davrlarda yasalganini aniqladi. Ikki ming yillarga bardosh beradigan Tuproqqoʻrgʻonni ota-bobolarimiz bunyod etgan. Manbalarda Qizilsuv daryosining tagi bilan oʻtib qoʻrgʻonning ichidan chiqadigan lahm – yerosti yoʻli haqida ham gapiriladi.

Bunday azamat qoʻrgʻonlar, albatta, xoʻjakoʻrsinga qurilmagan. Ayni haqiqat shundan iboratki, Qizilsuv ham shuncha vaqtdan beri oʻzanini oʻzgartirgani yo qurib qolgani yoʻq, qoʻrgʻon ham ertaklardagi afsona emas, joyida turibdi.

OʻzbekistonMustaqillikka erishgandan soʻng “Tarixiy xotira” degan ibora bejiz muomalaga kirgani yoʻq. Chunki daraxtning ertalabki soyasi kechqurungi soyasiga teng boʻladi.

Oʻzbekiston haqida kitob yozgan Leonid Levitin oʻz asaridaYoʻllugʻ teginning Bilga hoqon va Qultegin qabr toshlariga bitgan quyidagi bitiklarni keltiradi: “Avlodlarning birinchi burchi – oʻz ajdodlari nomini unutilishdan asrab qolishdir. Oʻshanda shafqatsiz va qudratli vaqt ular ustidan hukm yurita olmaydi”.

Bir ming ikki yuz yil ilgari Qultegin aytgan bu gapga denovliklar doim amal qiladilar desam, ishonavering.

Toshtemir Turdiyev,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat
koʻrsatgan madaniyat xodimi,
“Doʻstlik” ordeni sovrindori,
Denov tuman Maʼnaviyat-maʼrifat
boʻlimi rahbari.

1 901
OʻzA