O‘zA O`zbek

08.02.2018 17:22 Chop etish versiyasi

Denis Deli: “G‘arb dunyosi Alisher Navoiydek shoirlarga muhtoj”

Denis Deli - amerikalik adabiyotshunos olim, shoir va yozuvchi. U o‘zbek adabiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodiga qiziqadi. Navoiy g‘azaliyotining go‘zalligini, jozibasini, falsafasini tushunishga, his qilishga intiladi. 

Deli Alisher Navoiyning 21 g‘azalini ingliz tiliga tarjima qilib, “Twenty-one ghazals by Alisher Navoiy” nomi ostida kitobat qilgan. 
Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi arafasida Denis Deli bilan suhbatlashdik.

– Janob Deli, O‘zbekistonda hech bo‘lganmisiz?

– Ha, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish baxtiga musharraf bo‘lganman. To‘g‘ri, oradan ko‘p yil o‘tdi. 2001-yilda qizim bilan mamlakatingizning go‘zal shaharlari, qishloqlarini aylanib chiqqanmiz. Qizim o‘sha paytda Tinchlik Korpusining ko‘ngillisi sifatida Xorazmda o‘zbek bolalariga ingliz tilini o‘rgatar edi. Biz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Nukus va Mo‘ynoqqa sayohat qilganmiz.

– Alisher Navoiy g‘azallarini ingliz tiliga tarjima qilib, kitob holida chop ettirganingizni eshitib xursand bo‘ldik. Navoiy – o‘zbek adabiyotining eng buyuk namoyondasi. Kimdir sizga aynan shu shoir ijodini o‘rganishni tavsiya qildimi yoki bu o‘zingizning tanlovingizmi? 

– Men Navoiy ijodi bilan avvaldan yaxshi tanishman. Navoiy hayoti va ijodi, Temuriylar tarixi haqida ko‘p o‘qiganman. Qizim Alisher Navoiy ijodiga mansub ba’zi g‘azallarning ingliz tiliga nasriy tarjimalarini topdi. Bu tarjimalarning saviyasini yaxshi deb bo‘lmasdi. Lekin shu holida ham Navoiyning buyukligini his qilish mumkin edi. Qizimning o‘zbek, rus tillarini yaxshi bilishi menga Navoiyning ba’zi g‘azallarining ingliz tilidagi badiiy matnini yaratishga yordam berdi. 

Men shoir sifatida tarjimaning she’riy chiqishiga e’tibor qaratdim, kerak joyda ingliz she’riyati texnikasidan foydalandim. Tarjimam boshqa tarjimalarga nisbatan mukammalroq chiqqan, deb da’vo qilmayman. Chunki kam sonli tarjimon yoki olimlarda shoirona mahorat bo‘ladi. Tarjimalarima’lo darajada bo‘lmasa-da, asosiy maqsadim shoir ijodini imkon boricha tezroq amerikaliklarga yetkazish edi. Men aniq ishonamanki, hali asliyatga yaqin tarjimalarim oldinda.

– Nima deb o‘ylaysiz, G‘arb dunyosi Navoiyni o‘qishi kerakmi?

– Shubhasiz, ha! G‘arb dunyosi dunyoviy va ilohiy ishq iztiroblarini, sufiylik ta’limotini o‘z she’riyatida aks ettira olgan, insonni qalban tozarishga undovchi Alisher Navoiydek shoirlar ijodini o‘qishga muhtoj. Alisher Navoiyning asarlari Markaziy Osiyo va AQSh, shuningdek, ingliz tilida so‘zlovchi boshqa xalqlar o‘rtasida madaniy rishta bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

– Amerikalik o‘quvchilar “Twenty-one ghazals by Alisher Navoiy” kitobini qanday qabul qilishdi?

– Kitob AQShning deyarli barcha shtatlariga kirib bordi. Amerikaliklar uchun bu katta yangilik edi. Kitob hamma joyda nihoyatda iliq qarshi olindi.

– Tarjima jarayonida siz uchun qiyinchilik tug‘dirgan holatlar bo‘ldimi?

– Bugun Navoiyni hatto o‘zbek kitobxoni ham qiyinchilik bilan tushunishini bilaman. Gap faqat tilda emas, balki Navoiy ijodining juda murakkab falsafasida. Navoiy g‘azallarida nafis ishqiy tuyg‘ular ostida ilohiy ishqqa ishora mavjud. Ikki holatni ham tarjimada yetkazib berish nihoyatda mushkul.

– Kelajakda o‘zbek navoiyshunoslari bilan hamkorlik qilib, Navoiy ijodini ingliz tiliga tarjima qilish loyihalarida ishtirok etishni xohlaysizmi?

– Albatta! O‘zbek olimlari bilan hamkorlik qilishdan mamnun bo‘lardim.

– Alisher Navoiyning tavallud kuni o‘zbek xalqi uchun katta bayram hisoblanadi. O‘zbekistonliklarga tilaklaringiz?

– O‘zbekiston xalqi juda ham baxtli. Sababi, madaniy merosingiz, to‘g‘ri ma’noda, G‘arbning hasadini uyg‘otadi. Alisher Navoiy ijodi ana shu merosning, adabiy an’analarning katta bir qismini tashkil qiladi. Ko‘hna Samarqand, Buxoro, Xivaga o‘xshagan shaharlar juda kam sonli davlatlardagina bor. Men o‘zbek xalqiga dunyoni hayratga solgan Temuriylar renessansidan-da yuksakroq taraqqiyot tilayman.

Gulnoza Odilova suhbatlashdi
8 437