O‘zA O`zbek

07.02.2018 18:19 Chop etish versiyasi

Demokratik kuchlar blokining rejalari

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyalaridan iborat «Demokratik kuchlar bloki”ning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining samarali ijrosida deputatlar va deputatlik birlashmalarining ishtiroki, unda belgilangan ikki partiya vazifalariga hamohang qator ustuvor yo‘nalishlar muhokama etildi.

Dastlab, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Bafoyev davlat dasturida belgilangan vazifalar, Demblok tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Bunda sudyalar mustaqilligini ta’minlash, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergovning har tomonlama hamda xolisona yuritilishi, muayyan ishlar yuzasidan qarorlar qabul qilish borasida deputatlarning qat’iy va munosib ishtiroki to‘g‘risida aytib o‘tildi.

Shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, ma’muriy, jinoyat va fuqarolik protsessual qonunchilikni takomillashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huqubuzarliklarning oldini olish hamda huquqiy yordam va yuridik xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirishga e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha Demblok tomonidan 37 ta chora-tadbirni amalga oshirish belgilandi.

– Davlat dasturining uchinchi yo‘nalishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar O‘zLiDeP dasturiga to‘la hamohangdir, – deydi deputat Muhabbat To‘xtayeva. – Zero, ilg‘or g‘oya, nou-xaular yaratish va “aqlli texnologiya"larni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan iqtisodiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining bank tizimiga ishonchini kuchaytirish kabi masalalar partiyaning doimiy maqsadlaridan biri bo‘lgan. Investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida internet tarmog‘ida investorlarni zarur statistik axborot, biznesni yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ta’minlaydigan “Investitsiya portali”ning tashkil etilishi alohida ahamiyatga ega.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi Nodir Muxtorov davlat dasturining to‘rtinchi va beshinchi yo‘nalishlarida belgilab berilgan vazifalar haqida to‘xtaldi. Ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishida onalar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish, davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish istiqboldagi asosiy vazifalardan ekanligi aytildi.

Xususan, joriy yilda masofadan turib profilaktika qilishni ta’minlaydigan “aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiy axborot markazi” konsepsiyalarini tatbiq etish rejalashtirilgan. Shuningdek, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida ikki mingta ijtimoiy dorixona qurib ishga tushirish belgilangan. 2018-yil 46 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi negizida tumanlararo perinatal markazlari tashkil etiladi. Qishloq vrachlik punktlarida kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha zamonaviy diagnostika laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonidan kelib chiqadigan vazifalar deputatlar tomonidan muhokama etildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan «Demokratik kuchlar bloki»ning qarori qabul qilindi va 2018-yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
7 963