O‘zA O`zbek

06.08.2018 18:21 Chop etish versiyasi

Dehqon uchun mas’uliyatli palla

Dehqon uchun mas’uliyatli palla “Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” davom etayotgan ayni kunlardaSamarqand viloyati fermer xo‘jaliklari ham g‘o‘za parvarishiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Payariq tumanidagi “Nur Jahongir agro” fermer xo‘jaligi a’zolari 30 gektar maydonda baravj o‘sayotgan g‘o‘za nihollariga ishlov berish, sug‘orish, turli zararkunandalardan asrash va boshqa agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarishga harakat qilmoqda.

– Bu yil tabiiy iqlim va tuproq sharoitimizga mos, serhosil “Porloq” paxta navini ekkanmiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Qo‘ziboy Ro‘ziyev. – Ekin rivoji yaxshi. Hozirda g‘o‘zani chekanka qilish, qator oralig‘iga ishlov berish va sharbat usulida sug‘orish ishlari bajarilmoqda. Paxtani temir pishiradi, degan gap bor. Shu bois ayni paytda texnikalarimiz tunu kun dalada. Mo‘l hosil yetishtirishga harakat qilyapmiz. Nasib etsa, hosil 30 sentnerdan kam bo‘lmaydi.

Fermer xo‘jaligida bugungi kunda 12 nafar doimiy ishchi mehnat qilmoqda. Yig‘im-terim paytida esa qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj seziladi. Xo‘jalik rahbarining ta’kidlashicha, har bir gektar maydonga uch nafardan terimchi jalb qilinadi. Mavsum boshlanishiga hali fursat bo‘lsa-da, fermer mahallada yashovchi70 nafar terimchi bilan kelishuvga erishgan.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) O‘zA
2 487