Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 14:30 Chop etish versiyasi

Dehqon mehnatining yuksak e’tirofi

...Qishloqqa borsam, onamning o‘tmish bilan bog‘liq xotiralarini eshitishni yaxshi ko‘raman. Onam nafaqaga chiqqunga qadar qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilgan. Har yili tonnalab paxta tergan ilg‘orlar qatorida bo‘lsa ham, hech rag‘bat ko‘rmagan. O‘sha zahmatlari evaziga o‘ziga dard orttirib olgani qoldi, xolos.

– Qishin-yozin mehnat qilib, rohatini ko‘rmaganmiz, – deydi onam. – Qishning uzun kechalarida ham ko‘sak chuvib, paxta topshirganmiz. Faqat mehnat, erta bahordan kech kuzgacha hali ketmon, hali etak ko‘tarib, dekabr oxirigacha yugur-yugur edi ishimiz. Fermer, yer egasi degan gaplar xayolimizga ham kelmagan. Turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirsak-da, vagon-vagon qilib, allaqayoqlarga olib ketishardi. Bizning dasturxonimizda esa yana o‘sha choy, shakar va non edi. Yaratganga shukr, mustaqillik tufayli bunday noma’qulgarchiliklar barham topdi. Yerga, mulkka munosabat o‘zgardi. Daladan o‘zimizning dasturxonimizga keladi. Ortganini chetga sotamiz, daromad olamiz. O‘tgan kuni televizorda yurtimizning barcha joylaridan kelgan dehqonlar Toshkentda katta bayram qilganini ko‘rib, rosa suyundim...

Albatta, bunga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Bu yo‘lda ne-ne zahmatu mashaqqatlarni yengib o‘tishga to‘g‘ri kelmadi, deysiz. Eng muhimi, eski tuzumdan meros qolgan boqimandalik, o‘zibo‘larchilik kayfiyatiga barham berildi. Bugun ishlayman, el-yurtga naf keltiraman, oilamning to‘kinligi orqali mamlakatim taraqqiyotiga, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shaman, degan kishiga barcha yo‘llar ochiq. Buning uchun mustahkam huquqiy baza yaratilgan, bunday ezgu niyatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, rag‘batlantiradigan tizim mavjud.

Davlatimiz rahbarining Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasini farg‘onaliklar ham katta mamnuniyat bilan tingladi, unda bildirilgan fikrlar, dehqon va fermerlar mehnatiga berilgan yuksak baho barchani yanada ruhlantirib yubordi. Bugun kim bilan suhbatlashmang, bunday e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirmoqda.

– Turli tadbirlarda ishtirok etganman, ammo bugungisi, Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni tadbiri bir umr yodimda qoladi, – deydi Rishton tumanidagi “Ixtiyor” fermer xo‘jaligi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Mo‘tabar Ahmedova. – Bayram dasturlari barchamizga juda ma’qul bo‘ldi. Axir, oddiy bir dehqon shunday e’zozlanishini, Prezidentimizning o‘zi mehmon qilishini kim ham xayoliga keltiribdi. Albatta, bunday e’tibor va rag‘bat kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shmoqda.

Markaziy Farg‘ona yerlarida dehqonchilik qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Bilim, tajriba va yerga mehr bunda asqotadi. Opa 40 yildan buyon dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. 2002- yilda mazkur fermer xo‘jaligini tashkil etib, o‘tgan vaqt davomida katta tajriba to‘pladi. Bir paytlar meliorativ holati og‘ir, tuproq unumdorligi past hududdagi ekin maydonlariga bugun barchaning havasi keladi. Agrotexnik tadbirlar natijasida keyingi yillarda paxta hosildorligi 38,4 sentnerdan 50 sentnerga, g‘alla yetishtirish 67,5 sentnerdan 72 sentnerga yetdi. Xo‘jalikda chorvachilik, asalarichilik, bog‘dorchilik tarmoqlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Meva-sabzavotni quritish sexi ham tashkil etilib, 20 dan ortiq qishloq yoshlari ish bilan ta’minlangan.

Darhaqiqat, bugun fermer qishloqda islohotlarni amalga oshiruvchi yetakchi kuchga aylandi. Yerga egalik tuyg‘usi paydo bo‘lgani, mehnatga munosabat o‘zgargani yutuqlar omili bo‘lmoqda. Bu nafaqat yetishtirilayotgan mahsulot sifati va hajmini oshirish, balki odamlarning o‘z mehnatidan manfaatdorligi hamda turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bugun qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari xodimlari mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.

No‘monjon aka 20 yildan buyon mexanizator bo‘lib ishlaydi. U ham poytaxtimizdagi shodiyonalarda ishtirok etdi.

– Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan mukofotlanganim men uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi, – deydi «Farg‘ona agroservis MTP» mas’uliyati cheklangan jamiyatining Beshariq tumani filiali mexanizatori No‘monjon Rahmatullayev. – Bugungi quvonchimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Uyimdan mehmonlar qadami uzilmayapti. E’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 098






Все о погоде - Pogoda.uz