O‘zA O`zbek

11.09.2018 20:09 Chop etish versiyasi

Defoliatsiya – muhim jarayon

Defoliatsiya – muhim jarayon Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida gʻoʻza defoliatsiyasini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish tadbirlariga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbirda viloyat hokimligi masʼul xodimlari, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari, tegishli boshqarmalar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tuman hokimlari, viloyat qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi hamda uning tuman boʻlimlari, oʻsimliklarni himoya qilish otryadlari rahbar va mutaxassislari, fermerlar va ularga xizmat koʻrsatuvchi korxona-tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Toʻraqoʻrgʻonda joriy yilda 4 ming 869 gektar gʻoʻza maydonining 3 ming 670 gektarida defoliatsiya oʻtkazish talab etiladi. Mutaxassislarning fikricha, gʻoʻza defoliatsiyasining samaradorligi koʻp jihatdan uning muddati va meʼyorini toʻgʻri belgilashga bogʻliq.

Defoliatsiya muddati tuproq-iqlim sharoiti, gʻoʻza navlarining biologik xususiyati va yetilganligiga qarab tanlanadi. Bunda gʻoʻza navlarining biologik xususiyatlariga alohida eʼtibor berish lozim. Chigit erta ekilgan, gʻoʻza biologik yetilgan maydonlarda defoliatsiya muddati oldinroq, kech ekilgan maydonlarda keyinroq kelishi mumkin. Havo harorati defoliantlar samaradorligini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, tumanda ushbu muhim agrotexnik tadbirni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha koʻrilgan puxta tayyorgarlik asosida mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, fermer xoʻjaliklari dalalarida gʻoʻzabargini toʻkishga qaratilgan kimyoviy ishlov jarayoni boshlab yuborildi. Tumanda defoliatsiya tadbirlarini 22 sentyabrga qadar yakunlash koʻzda tutilgan.

– Maʼlumki, hosil sifatining jahon standarti darajasida boʻlishi koʻp jihatdan gʻoʻza bargining sifatli toʻkilishiga ham bogʻliq, – deydi tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari H.Rahimov. – Tumanimizda barcha maydonlarni toʻliq OVX purkagichlari yordamida defoliatsiya qilish rejalashtirilgan. Rejani mukammal bajarish maqsadida 10 ta otryad shakllantirildi va ularga 26 ta OVX purkagich texnikasi, 12 ta qoʻl apparati, 2 ta ishchi eritma tayyorlash maydonchasi, 4 ta ishchi eritma tashish texnikasi biriktirildi. Ishchi eritma tayyorlash maydonchalari, dam olish xonalari, ovqatlanish va yuvinish xonalari kerakli anjomlar bilan jihozlandi. Defoliatsiyada ishtirok etadigan barcha xodimlarni maxsus kiyim-bosh, sut mahsulotlari bilan taʼminlash choralari koʻrildi.

Barcha OVX va VP-1 rusumli purkagichlar “Agrokimyohimoya” korxonasi tuman filiallarida markazlashgan holda taʼmirlanib, mavsumga tayyorlandi. Viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi, viloyat meʼyorlash tadqiqot markazi bilan birgalikda defoliatsiya tadbirlarini OVX purkagichlari va qoʻl apparatlari yordamida oʻtkazish boʻyicha kalkulyatsiyalar ishlab chiqildi.

Tumanda ushbu muhim agrotexnik tadbirni oʻtkazish uchun talab etiladigan 33 tonna suyuq xlorat magniy defolianti ortigʻi bilan zaxira qilinib, preparat yetishmovchiligi muammosining oldi olindi.

Seminarda ana shu muhim tadbirni qisqa muddatlarda sifatli oʻtkazishga doir dolzarb tayyorgarlik ishlari, OVX moslamalari, qoʻlda ishlatiladigan purkagichlarni sozlash, defoliant eritmasini tayyorlash jarayonlari amaliy tarzda koʻrsatildi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA
2 223