Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.01.2018 13:19 Chop etish versiyasi

Prezident tashrifi Chirchiq shahri aholisiga cheksiz quvonch bag‘ishladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Chirchiq shahriga tashrifi, ko‘plab loyihalar bilan tanishuvi xalqimizda katta taassurot qoldirdi. Shaharda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar Chirchiq shahri aholisiga yanada rag‘bat, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining fikrlarini yozib oldi.

Yulduz Egamnazarova, Chirchiq shahridagi “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi:

– Prezidentimizning Chirchiqqa tashrifini anchadan buyon kutayotgan edik. Davlatimiz rahbari shahrimizda bo‘lib, ko‘plab loyihalar bilan tanishgani, uning istiqbolini belgilab bergani bizni juda quvontirdi. “O‘zbekkimyomash” zavodida faollar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shaharni yanada rivojlantirish bo‘yicha boshlangan ishlar haqida so‘z bordi. Prezidentimiz o‘zgarishlar haqida to‘xtalib, “Men ishonaman, Chirchiq bundan-da obod va go‘zal shaharga aylanadi, hatto Toshkent shahri xalqi havas qilib keladigan darajada bo‘ladi”, deganida barchamiz to‘lqinlanib ketdik.

Bugun shahrimiz kelajagiga umid, ishonch paydo bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ishlardan so‘ng shahrimiz aholisining tashabbusi ham yanada ortdi.

Muhammadjon Qurbonov, Chirchiq shahridagi “Lukbo tekstil” xorijiy korxonasi bosh direktori:

– 2010 yil tashkil etilgan korxonamizda hozirgi kunga kelib 1 ming 400 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. Yiliga o‘rtacha 15 million AQSH dollari miqdorida tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarib, Rossiya, Belarus, Polsha, Ukraina, Chexiya kabi davlatlarga eksport qilib kelmoqdamiz. Bundan tashqari, har yili 200-250 nafar kollej bitiruvchisi bandligini ta’minlayapmiz. Tadbirkorlarga yaratilayotgan qulay imkoniyatlardan foydalanib, 25 million dollar investitsiya kiritib, zamonaviy ip-kalava va mato ishlab chiqarish zavodini qurishni boshlagan edik. Bu yil aprel oyida korxonani to‘la quvvatda ishga tushiramiz. Natijada 300-350 yangi ish o‘rni yaratiladi, eksport salohiyatimiz 15-20 million dollarga ortadi.

Prezidentimizning 2017 yil 14 dekabrdagi farmoniga muvofiq mamlakatimizda to‘qimachilik mahsulotlari yagona “UZTEXTILE” belgisi ostida eksport kilinishi biz uchun muhim yangilik bo‘ldi. Bu to‘qimachilik korxonalari tomonidan mahsulotlarni yanada sifatli, raqobatbardosh, jahon andozalariga javob beradigan darajada ishlab chiqarish va eksport qilishga yordam beradi. Farmon asosida O‘zbekiston uchun yangilik bo‘lgan klaster modeli joriy etildi. Bu degani, paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab to undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayon integratsiya qilinadi. Biz ham yangi korxonamizda klaster usulida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.

Kamola Shokarimova, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi:

– Mana, bir yil ichida shahrimizda qancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Chirchiqda ikkita oliy o‘quv yurti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu nafaqat chirchiqliklar, balki butun viloyat ahlining dilidagi gap bo‘ldi. Bu bilan Toshkent viloyatining ta’lim salohiyati yuksaldi, yoshlarga o‘qish imkoniyati yanada kengaydi.

Prezidentimiz tashrif chog‘ida institutimiz uchun yangi o‘quv binolari, sport kompleksi, talabalar turar joylari qurish loyihalari bilan tanishdi. Chunki institut tashkil etilgani bilan talabalarning hammasi ham to‘liq turar joyga ega emas, qo‘shimcha auditoriyalar zarur. Yangiliklarni eshitgan talabalarimizning quvonchi cheksiz. Yoshlarga sharoit yaratib berilsa, ularda o‘qishga ishtiyoq yanada kuchayadi, Vatanga kerakli kadrlar safi ortadi. Chirchiqda ham buning uchun qulay zamin paydo bo‘ldi.

Ziyovuddin Saydahmedov, mahalla faoli:

– Chirchiqda turli millat vakillari yashaydi. Davlatimiz rahbarining tashrifidan barcha mamnun bo‘ldi. Dilimizda yangiliklardan faxr-iftixor jo‘sh urmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning bir yilda shaharga 2 trillion so‘m mablag‘ berilishi va katta o‘zgarishlar amalga oshirilishi haqidagi gaplaridan hamma xursand.

Chirchiqqa ko‘p yillardan buyon e’tibor berilmay qo‘yilgandi. Endi shahrimizda qisqa davrda 15 ta ko‘p qavatli uy, 10 ta bog‘cha, yangi bozor, gipermarket, Chirchiq kanali bo‘yida sayilgohlar quriladi, ikkita madaniyat va istirohat bog‘i tubdan ta’mirlanadi. Yo‘llarimiz kengaytirilib, ko‘prik bunyod etiladi. Uylar kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, uzoq vaqt uy ololmay navbatda turgan aholiga beriladi. Harbiylar uchun uylar qurilishi ko‘paytiriladi. Joriy yilda ular uchun 18 ta uch qavatli uy qurib, foydalanishga topshirilishi ma’lum qilindi. Bularning bari shahrimizga bo‘layotgan o‘zgacha mehr-e’tiborning namunasi.

Lyudmila Filippova, “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati qoshidagi san’at saroyi direktori o‘rinbosari:

– Men davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda u kishiga 2006 yilda san’at saroyimiz auksionga qo‘yilib, sotiladigan bo‘lganda saqlab qolgani va faoliyatimizni davom ettirishga imkoniyat yaratib bergani uchun minnatdorlik bildirdim. Sababi, o‘shanda ijodiy jamoamizda san’at sirlarini o‘rganayotgan yuzlab o‘g‘il-qizlar ko‘chada qolayotgan edi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan saroyimiz O‘zbekistonning madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilib, “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga o‘tkazilgan va saqlab qolingan edi. Bugun san’at saroyimiz o‘z faoliyatini qizg‘in davom ettirmoqda.

Prezidentimiz san’at koshonamiz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Bundan cheksiz quvonib ketdik. Bu nainki jamoamizga, balki bu yerda tarbiyalanayotgan san’atimizning umid g‘unchalariga berilgan mukofotdir. Davlatimiz rahbarining tashrifi nafaqat shahrimizning gullab-yashnashiga, balki ma’naviyatimiz rivojiga keng yo‘l ochdi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
9 126