O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Davlat xususiy sherikchiligida bogʻchalar ishga tushdi

Davlat xususiy sherikchiligida bogʻchalar ishga tushdi

Jajji Guliraʼno bugun har qachongidan -da xursand. Erta tongdan sumkasiga bisotidagi bor narsalarni – rasm daftar, ruchka, qalamni solib yoʻlga otlanyapti. Nega deysizmi? Bugun Shoʻrchi tumanidagi “Laylakxona” mahalla fuqarolar yigʻinida yangi bogʻcha oʻz faoliyatini boshladi. Tengdoshlari singari Maftuna ham bogʻchaga kelganidan juda mamnun. U rasm chizishga va sheʼr yodlashga juda qiziqadi. Davlat xususiy sherikchiligi asosida qurilib, foydalanishga topshirilgan “Charogʻon gʻuncha” maktabgacha taʼlim maskani qizchaning qiziqishini kelgusida maqsadga aylanishi uchun xizmat qiladi.

Mamlakatimizda yosh avlod tarbiyasida muhim oʻrin tutadigan maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hududlarda ehtiyojga qarab maktabgacha taʼlim muassasalarini koʻpaytirish uchun davlat-xususiy sheriklik asosidagi xususiy bogʻchalar ham tashkil etilib, aholiga qulaylik yaratilmoqdaki, bu maktab yoshiga yetmagan oʻgʻil-qizlarimizni dastlabki, bilim koʻnikmalarini olishga boʻlgan qiziqishini oshirmoqda.

Ana shunday maktabgacha taʼlim muassasasi Shoʻrchi tumanidagi “Laylakxona” mahalla fuqarolar yigʻini hududida qad rostladi. Tadbirkor Saidislom Muzaffarov saʼy-harakatlari bilan qurilgan maskan 75 oʻringa moʻljallangan. Shu mahallada unib oʻsayotgan oʻgʻil-qizlarni orzu istagini roʻyobi uchun “Charogʻon gʻuncha” maktabgacha taʼlim muassasasi xizmat qiladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

-Ushbu davlat xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha taʼlim muassasasini qurish uchun davlat tomonidan besh yuz ellik million soʻm kredit imtiyozli bir foiz hisobida berilgani bu ishni amalga oshirishim uchun menga katta ragʻbat berdi, – deydi Saidislom Muzaffarov. – “Charogʻon gʻuncha” muassasamizda mehnat faoliyatini boshlagan tarbiyachilarimizning barchasi pedagogik maʼlumotga ega. Ular qatʼiy belgilangan “Ilk qadam” Davlat oʻquv dastur asosida faoliyat olib borishadi. Muassasamizda bolalarning sogʻlom va barkamol ulgʻayishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

photo5339464443324640767.jpg

“Charogʻon gʻuncha” muassasasida har oʻn besh kunda oʻtkaziladigan “Ochiq eshiklar kuni“da ota-onalar farzandining oʻzlashtirish darajasi bilan tanishtirib boriladi. Ezgu niyatlar bilan faoliyatini yoʻlga qoʻygan muassasada har doim bolajonlarning shoʻx kulgisi-yu qiyqirigʻi jaranglab turishi, ularning baxtiyor tabassumi qalbimizda yangi maqsadlarni uygʻotadi, albatta.

Taʼlim maskanida ingliz va rus tili mashgʻulotlaridan tashqari, bolalarning xohish-istagi va qiziqishlariga koʻra, raqs, gimnastika, shaxmat, shashka toʻgaraklari tashkil etiladi. Kelgusida multfilm qahramonlari ishtirokidagi qiziqarli oʻyinlar, turli musobaqalar, kichik sayohatlar bolajonlar vaqtining mazmunli oʻtishini taʼminlaydi.

– Mahallamizda mana shunday zamonaviy taʼlim-tarbiya maskani ish boshlagani nihoyatda quvonchli voqea, – deydi mehnat faxriysi Mamayusuf Karimov. – Bu yerdagi shart-sharoitlar havas qilsa arzigulik. Nabiralarimizni hech kimdan kam boʻlmay, shunday zamonaviy, obod va koʻrkam bogʻchada taʼlim olishidan xursandmiz. Yurtboshimizning, qolaversa tuman hokimimizning bunday eʼtiboridan oʻgʻil-qizlarimizdek, bizning ham koʻnglimiz togʻdek yuksaldi.

Kichik guruhlarda faoliyatini boshlagan tarbiyachilar dastavval bolajonlarning qoʻliga qalam qogʻoz berib “Mening oilam” mavzusida rasm chizdirishdi. Guliraʼnoning qoʻlidagi “Mening oilam“ mavzusida chizgan rasmga eʼtibor bersangiz, uning oʻzi biyron tillari bilan taʼriflaganidek, oila davrasida baxtli bolalik, tinch va osuda hayot namoyon etilganiga guvoh boʻlasiz. Qizaloqning qalam tutishlari, boʻyoqlardan oʻz oʻrnida foydalanishlari, chizayotgan har bir rasmlariga diqqat bilan yondashuvi, xuddi kattalardek mulohazasi yoshlarimizni ilm oʻrganishga boʻlgan qiziqishi yuqori ekanligiga yana bir karra amin boʻlasiz.

photo5339464443324640769.jpg

Mustaqil yurtimiz kelajagi uchun qaygʻurayotgan, yosh avlodning barkamolligi yoʻlida kuyinayotgan, sogʻlom fikrli har bir kishi bugun xalqi, el- yurti uchun xayrli ish qilishga urinmoqda. Ishbilarmon Alisher Boymurodov ham ana shunday ezgu niyatli insonlardan. U Jarqishloq mahallasida joylashgan 50 oʻrinla 14-maktabgacha taʼlim muassasasi binosini davlat dasturiga asosan 125 oʻrinli qilib, qayta qurdi. Tadbirkorning mehnatlari samarasi sifatida hududda zamon talablariga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bogʻcha yangitdan faoliyatini boshladi.

- Bugun tumanimizda bir vaqtda ikkita maktabgacha taʼlim muassasasi ishga tushdi, — deydi tuman hokimi Baxtiyor Xudoyberganov. – Yangitdan taʼmirlanayotgan va qurilayotgan taʼlim muassasalari farzandlarimizni kamoloti, ilm olishi uchun xizmat qiladi. Bugun foydalanishga topshirilgan maktabgacha taʼlim muassasalaridagi oʻgʻil-qizlarning koʻzidagi quvonch-u baxtni, ularning oʻqib-oʻrganishga boʻlgan mehrini koʻrib toʻgʻrisi, quvondim. Kelgusida farzandlarimizni dastlabki bilim koʻnikmalarini oshirishga xizmat qiladigan yangidan yangi maktabgacha taʼlim muassasalarini faoliyatini yoʻlga qoʻyib, tumanimizdagi koʻplab bolalarni baxtiga sherik boʻlishni maqsad qildik. 

Albatta, qad rostlayotgan maktabgacha taʼlim muassasalari orzular ogʻushida ulgʻayayotgan farzandlarimizni barkamol avlod boʻlib ulgʻayishi uchun xizmat qiladi. Zero, yoshlarga eʼtibor kelajakka eʼtibordir.

1 494
Nigina SHOYEVA OʻzA