O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshladi

Davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshladi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha xodimlari, nuroniylar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Sherobod tumani hokimi Oʻ.Boboqulov, Adliya vaziri oʻrinbosari A.Toshqulov, “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi raisi A. Choriyev va boshqalar prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!”, degan ezgu gʻoya odamlarning bugungi hayotidan rozi boʻlib yashashida muhim omil boʻlayotganini alohida taʼkidladi.

Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida ham aholiga sifatli davlat xizmatlari koʻrsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Oʻtgan davrda vohaning Uzun, Oltinsoy, Qiziriq va Muzrabot tumanlarida davlat xizmatlari koʻrsatish markazining yangi binolari topshirilgan edi. 

Sherobod tumanida 190 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Joriy yilning oʻtgan davrida 36 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar 105 ta davlat xizmatidan foydalangan. Olis va chekka hududlardagi aholi punktlariga sayyor (mobil) xizmatlar orqali xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

Bunyod etilgan ikki qavatli yangi binoda davlat xizmatlari koʻrsatish markazi xodimlari va aholi uchun barcha sharoit yaratilgan. Oʻziga xos meʼmoriy yechimga ega boʻlgan koʻrkam markazda zamonaviy dizayn asosidagi kutish zali, xizmat koʻrsatish xonalari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti mijozlar xizmatida. Bu yerda xorijiy investorlar uchun ham qulayliklar yaratilgan boʻlib, muzokaralar oʻtkazish zali barpo etilgan. Tumanning investitsiyaviy salohiyatini namoyish etuvchi axborot ekranlari bilan jihozlangan.

– Yaratilgan bu qulayliklar bizning davlat xizmatlari koʻrsatish sifati va samaradorligimizni oshirishda muhim oʻrin tutadi. – deydi Sherobod tumani davlat xizmatlari boʻlim boshligʻi E.Umbarov. – Mustaqilligimizning 28 yillik toʻyi arafasida tumanimiz aholisiga barcha qulayliklarga ega bino tuhfa qilinganidan behad minnatdormiz.

Bu yerda xizmat koʻrsatish elektron navbat olish orqali amalga oshiriladi. Bepul wi-fi zonasi mavjud. Bino boʻylab joylashtirilgan ekranlarda davlat xizmatlari markazlari tomonidan taqdim etiladigan xizmat turlari boʻyicha axborot roliklari namoyish etib boriladi. Mazkur elektron tablolardan tadbirkorlar ham oʻz mahsulot va xizmatlari reklamasini shartnoma asosida joylashtirish imkoniyatiga ega.

Yangi binoning ikkinchi qavatida tuman adliya boʻlimi, Bosh vazirning tadbirkorlar qabulxonasi, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi ham joylashgan. Fuqarolar mazkur binoning oʻzida notarial idorasi va yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining roʻyxatlash hamda hujjatlarni topshirish xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

912
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA