O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Davlat xizmatlari markazi odamlarning vaqti va mablag‘ini tejamoqda

Davlat xizmatlari markazi odamlarning vaqti va mablag‘ini tejamoqda

Surxondaryo viloyati aholisi Termiz shahri va 13 tumanda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatlari markazi, 3 olis hududdagi markaz shoxobchalari orqali 128 turdagi davlat xizmatidan foydalanmoqda.

Vaqtning qimmatini, qadrini biror narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Kimdir uni oqar daryoga qiyoslasa, yana birov tabibga o‘xshatadi. To‘g‘rida, bemorga davo keltiruvchi ham, suvni manzil sari eltuvchi ham vaqt. Ammo, biz uning qadriga har doim ham yetavermaymiz. Chunki u “bepul” berilgan...

Ikki enlik qog‘oz olish uchun haftalab davlat idorasi eshigi oldida sarg‘ayishni bir ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. Alamli holat-a! Uning o‘rniga kitob o‘qisak yoki farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullansak, biror tayinli ish qilsak yaxshi emasmi?

Aslida bu masala o‘z yechimini topmasdan kelayotgan ko‘p yillik og‘riqli muammo edi. Ortiqcha sarsongarchiliklar barchani bezdirib qo‘ygan edi. Uzoq o‘tmishni qo‘ya turing, bundan uch yil avval eshigingizni taqillatib “bizdan nima xizmat” deydigan davlat idorasi bormidi? Yoki uyingizga borib qo‘lingizga tayyor hujjat tutqazgan biror mutaxassisni ko‘rganmisiz? Aksincha, o‘sha yillarda bunday xizmatlar uchun turli idoralar eshigi va yo‘llarda qimmatli vaqtingizni o‘tkazganingiz, bir enlik qog‘oz uchun xunob bo‘lganingiz hech kimga sir emas.

Aholini qiynab kelgan, odamlarning vaqtini “o‘g‘irlagan” bu muammolarga yechim topilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin u xalqqa beminnat xizmat qilishning eng samarali usuli ekanini amalda isbotladi.

Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni odamlarga turli xizmatlar ko‘rsatish sifati va samarasini tamomila yangi bosqichga ko‘tardi. Xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish, tezkor va qulay davlat xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish uchun Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi.

Keling, shu o‘rinda bir o‘ylab ko‘raylik: bundan uch yil muqaddam viloyatning olis va tog‘li Bobotog‘, Sina, Machay qishloqlarida markaz shoxobchalari tashkil etilib, aholiga tezkor, sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishning yo‘lga qo‘yilishini hayolimizga keltirganmidik? Yoki zamonaviy markaz xodimlarining nafaqat xizmat ko‘rsatish binolarida, balki sayyor (mobil) xizmatlar orqali ham olis hududlarda bo‘lib, mijozlarga tezkor va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishini tasavvur qilarmidik? Yo‘q, albatta!

Bu boradagi ishlar ko‘lamini raqamlar bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, birgina joriy yilning birinchi yarim yilligida Surxondaryo viloyatidagi davlat xizmatlari markazlariga aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan 253 ming 860 davlat xizmatlari ko‘rsatishga oid murojaat kelib tushdi. Ularning 45 ming 726 tasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni ta’minlaydigan elektron raqamli imzo sertifikatini olish, 16 ming 557 tasi fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, 30 ming 336 tasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida mulk huquqini e’tirof etish, 16 ming 903 tasi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish, 17 ming 233 tasi ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi masalalarda xizmatimizdan foydalandi.

Xizmat turlari orasida sudlanganlik holatini aniqlash bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, olti oyda 4 ming 625 fuqaro mazkur masalada murojaat etdi. Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu murojaatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilib, fuqarolarga tegishli ma’lumotlar berildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning bunday tartibi nafaqat aholining vaqtini, balki pul mablag‘larini tejab qolayotgani bilan ham barchaga birdek manzur bo‘lmoqda.

– Tuman markazidan qariyb 100 chaqirim uzoqda yashayman, – deydi Uzun tumani Yangiobod mahallasidan Jamoliddin Xurramov. – Bundan uch-to‘rt yil avval hamqishloqlarim Bobotog‘dan o‘tib, ko‘p vaqtini yo‘lda o‘tkazib, tuman markazidan hujjatlarni to‘g‘irlab kelar edi. Buning ustiga yo‘l xarajatini aytmaysizmi? Endi bo‘lsa, davlat idoralari xodimlari mahallamizga, hatto uyimizga kelib ishimizni bitirib ketayapti. Davlat idoralari xalqqa yaqinlashganini ko‘rib, bilib turibmiz. Yaqinda tuman davlat xizmatlari markazining mahallamizda joylashgan “Bobotog‘” shoxobchasiga borib, sudlanganlik holatini aniqlash bo‘yicha murojaat qildim. Masalam bir kunga bormay hal bo‘ldi. Ilgari bu masalada adashmasam, kamida o‘n-o‘n besh kun vaqt yo‘qotar edik. Qaerga borishni, kimga uchrashishni ham bilmasdik, rosti. Bundan oldinroq markaz xodimlari uy-joyimni kadastr idorasidan hujjatlashtirib bergan edi.

Ko‘rsatilayotgan boshqa xizmatlarimiz bo‘yicha ham quvonchini yashirolmay iliq fikrlar aytayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Bu nimaning alomati? Bu odamlarning sun’iy sarsongarchiliklardan qutulib, davlat idoralariga emin-erkin murojaat etayotganidir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak“, degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasidir.

Zafar AKRAMOV,
Adliya vazirligi huzuridagi
davlat xizmatlari agentligi
Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i.

554
O‘zA