O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadini deklaratsiyalash korrupsiyaning oldini oladimi?

Davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadini deklaratsiyalash korrupsiyaning oldini oladimi?
Dolzarb mavzu

Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning turli jihatlarini tartibga soluvchi 10 dan ortiq qonun va 40 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilingan.

Korrupsiyaning oldini olishda eng samarali usullardan biri davlat organlari va muassasalari mansabdor shaxslari ustidan moliyaviy va boshqa nazorat choralarini kuchaytirishdir.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida yangi tashkil etilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlaridan biri etib davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat koʻrsatishini hamda deklaratsiyalarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish, shuningdek, ushbu jarayonda aniqlangan korrupsiya holatlariga oʻz vaqtida taʼsir choralari koʻrilishini taʼminlash belgilandi.

Shuningdek, agentlikka Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda uch oy muddatda – “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Davlat xizmatchilarining mulkiy deklaratsiya tizimi korrupsiyaning oldini olish, noqonuniy boyish va manfaatlar toʻqnashuvini aniqlashning qudratli vositasidir. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 160 dan ortiq mamlakatda aktivlar deklaratsiyasi talablari joriy etilgan. Deklaratsiyalarning ommaviyligi, yaʼni jamoatchilik uchun ochiqligi ularning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyatini yana-da oshiradi, chunki fuqarolik jamiyati va jurnalistlar koʻpincha korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar tomonidan deklaratsiyalarning haqqoniyligini rasmiy tekshirishdagi nomuvofiqliklarni aniqlashda asosiy rol oʻynamoqda.

Amaldagi korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar, jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi, Jahon bankining qator hujjatlari va boshqa hujjatlarda davlat xizmatchilari tomonidan aktivlarning eʼlon qilinishi korrupsiyaga qarshi samarali vosita ekanligi eʼtirof etilgan.

Hozirgi kunda davlat xizmatchilarining aktivlari deklaratsiyasi 150 dan ortiq mamlakatda qoʻllanilmoqda. Jahon bankining 2018-yilgi maʼlumotlariga asosan, 149 aʼzo mamlakatdan faqat 36 tasida daromad va mulk deklaratsiyalari talab qilinmagan boʻlib, bu mamlakatlarning deyarli yarmi Afrikada joylashgan.

Har qanday mamlakatda davlat xizmatchilarining aktivlarini eʼlon qilish tizimining joriy etilishi uning ijobiy va salbiy tomonlari xususida jamoatchilikning qizgʻin muhokamasiga sabab boʻlmoqda. Shunga asosan aktivlar deklaratsiyasini joriy etish tarafdorlari quyidagi dalillarni keltiradi.

Birinchidan, xalqaro majburiyatlar mansabdor shaxslarning deklaratsiyalari ularning mol-mulkidagi oʻzgarishlarni muntazam kuzatish imkonini belgilaydi. BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi 20-moddasi barcha davlatlarda “noqonuniy boyish” uchun jinoiy jazo joriy etishni nazarda tutadi, noqonuniy boyishni qidirish korrupsiyaning eng oddiy holatlarini aniqlashga qaratilgan.

Ikkinchidan, deklaratsiyalar qoʻllaniladigan korrupsiyaga qarshi kurashning muhim sohasi – manfaatlar toʻqnashuvlarining oldini olishdir.

Uchinchidan, deklaratsiya tizimini korrupsiyaga qarshi kurashda samarali qoʻllash uchun muhim dalil – vijdonsiz (nopok) davlat xizmatchilarini javobgarlikka tortishni soddalashtirishdir. Pora yoki boshqa foyda olish dalillarini isbotlash juda qiyin boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, agar mamlakatda deklaratsiyada toʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni qasddan taqdim etganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud boʻlsa, ushbu norma boʻyicha javobgarlikka tortish muqarrarligini taʼminlash mumkin. Deklaratsiyalar boʻlmasa, muayyan mulkni sotib olishda mablagʻning noqonuniy kelib chiqishini isbotlash uchun juda koʻp resurs va protsessual harakatlar talab etiladi. Agar deklaratsiyalar topshirilgan boʻlsa, u holda deklaratsiyalarda koʻrsatilmagan mulkning mavjud boʻlishi oʻz-oʻzidan qonunbuzilishi hisoblanadi.

Toʻrtinchidan, deklaratsiyalarning mavjudligi oʻgʻirlangan aktivlarni qaytarishda muhim rol oʻynashi mumkin. Zamonaviy dunyoda, xorijda koʻchmas mulk sotib olganda va mamlakatda muammolarga duch kelganda, amaldor mamlakatni tark etadigan vaziyatlar muntazam ravishda yuzaga keladi. Deklaratsiyalash tizimi mavjud boʻlmaganda, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu mulk noqonuniy manbalardan olingan pul bilan sotib olinganligini isbotlashi lozim. Agar deklaratsiyalar tizimi samarali ishlayotgan boʻlsa, uni isbotlash majburiy boʻlmaydi, deklaratsiyalarda mulk yoʻqligini koʻrsatish kifoya sanaladi.

Aktivlar deklaratsiyasini joriy etishga qarshilar qanday fikrda boʻlishlari mumkin?

Birinchidan, bunday tizimni amalga oshirish va saqlash uchun davlat tomonidan qilingan bevosita xarajatlarga urgʻu berib, ushbu mexanizmning sarf-xarajatlari deklaratsiya tizimining oʻziga xos jihatlariga qarab katta farq qilishi mumkin. Davlat eng oddiy usulda soʻrovnomalarni toʻldirish va ularni arxivlash xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi. Deklaratsiyalarda koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlash yuqori sifatli tizimda amalga oshirilishi sababli jiddiy xarajatlar talab qilinadi.

Ikkinchidan, davlat bilvosita yoʻqotishlarga, jumladan, xodimlarni yoʻqotish xavfiga duch keladi. Daromadlar va mulk toʻgʻrisida deklaratsiyalarni topshirish majburiyati davlat xizmatining jozibadorligini kamaytiradigan qoʻshimcha talabdir. Agar deklaratsiyada yaqin qarindoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilgan boʻlsa va maʼlumotlar ommaga eʼlon qilinsa, bu majburiyat yana-da ogʻirlashadi. Shaxslar ishga qabul qilinishida oilasining daromadi va mol-mulkini deklaratsiya qilish majburiyatini qabul qilishdan bosh tortishi va xususiy sektorda ishlashni afzal koʻrishi mumkin.

Uchinchidan, davlat xizmatchilarining mol-mulki toʻgʻrisida maʼlumotlarning nashr etilishi jinoyatchilar uchun shubhasiz qiziqish uygʻotishi, deklaratsiya topshiradigan shaxslarga xavf tugʻdirishi mumkin.

Toʻrtinchidan, mansabdor shaxs tomonidan naqd pul mablagʻlari va davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydigan mol-mulk toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻliqligi va toʻgʻriligini tekshirish deyarli mumkin emas.

Beshinchidan, birinchi deklaratsiyani topshirishda mansabdor shaxslar kelgusidagi xarajatlarni tushuntirish imkoniyatini taʼminlash uchun naqd pul miqdori va qimmatbaho mulk qiymatini oshirib yuborishi xavfi ham mavjud.

Oltinchidan, ular bank siri, mulkiy holati va boshqalar bilan bogʻliq qator inson huquqlarining buzilishi toʻgʻrisidagi dalilni alohida taʼkidlaydilar.

Deklaratsiyalangan aktivlar masalasi ham bahs-munozaralarning markazida turadi. Koʻpgina mamlakatlarda mansabdor shaxslar nafaqat daromadlarini, balki aktivlarini ham deklaratsiya qilishi shart. Bunda mulkning keng doirasi eʼlon qilinishi mumkin – koʻchmas mulk, har xil turdagi koʻchar mulk (yoʻl transporti vositalari, kemalar, qadimiy qadriyatlar va sanʼat asarlari, hayvonlar (masalan, Xorvatiyada)), hatto qurilish materiallari (masalan, Belarusda va boshqalar), aksiyalar va boshqa narsalar, boshqa qimmatli qogʻozlar, berilgan ssudalar, bank omonatlari va naqd pullardagi omonatlar.

Davlat xizmatchilarining daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumot singari, aktivlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham maʼlum manfaatlar toʻgʻrisida fikr yuritishga imkoniyat yaratadi. Masalan, maʼlum bir parlament aʼzosi muayyan bir joyda koʻchmas mulk egasi ekanligini bilish mazkur masala boʻyicha oʻz pozitsiyasi toʻgʻrisida tushuncha olishga koʻmaklashadi. Ushbu joyning holati bilan bogʻliq har qanday tarzda shunga oʻxshash, unga tegishli boʻlgan qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar iqtisodiyotning maʼlum bir sohasidagi tashabbuslarini tanqidiy baholashga imkon beradi.

Shu bilan birga, hech boʻlmaganda baʼzi tizimlarda aktivlarni deklaratsiyalashni talab qiladigan muhim sabab moliyaviy ahvolni nazorat qilishdir. Xususan, aktivlar va daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mansabdor shaxslarning moliyaviy ahvolidagi oʻzgarishlar ularning qonuniy daromadlari bilan bogʻliq yoki yoʻqligini baholashga imkon beradi. Bunday hollarda deklaratsiyalarda aktivlarni toʻplashning barcha mumkin boʻlgan turlari koʻrsatilishi muhimdir.

Xulosa qilish mumkinki, jismoniy shaxslarning daromad va xarajatlari toʻgʻrisida deklaratsiya amaliyoti butun dunyoda korrupsiya huquqbuzarliklariga qarshi kurashishda keng tarqalgan institut hisoblanadi. Deklaratsiya, unda bayon etilgan maʼlumotlarning oshkoraligi davlat xizmatiga qadr-qimmat va koʻrsatgan xizmatlari asosida kirish uchun zaruriy shart hisoblanadi. Shuningdek, jahon amaliyotida parlament aʼzolari uchun ham tadbirkorlik va xususiy shaxslar manfaatlarini himoya qilishni cheklashga qaratilgan aktivlarni deklaratsiyalash tizimi keng tarqalgan. Jismoniy shaxslarning umumiy deklaratsiyasi shaffoflik, hisobdorlik va davlatning iqtisodiy oʻsishini kafolatlaydigan muhim vosita sanaladi. Xorijiy davlatlarda davlat mansabdor shaxslarining deklaratsiya tizimiga toʻliq va bepul kirish imkoniyati uchun tashkiliy-huquqiy tartib-taomillar ham ishlab chiqilgan.

Qayd etish lozimki, davlat xizmatchilarining barcha toifalari uchun aktivlarni deklaratsiya qilish tizimining bir urinishda joriy etilishi katta resurslarni talab qilib, uni tegishli tayyorgarlik ishlarini qilmasdan amalga oshirish qiyin. Aktivlar deklaratsiyasini kiritishda dastlab ijro hokimiyati, prokuratura, xavfsizlik idoralarining davlat xizmatchilari, shuningdek, davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlari bilan cheklanish taklif etiladi.

Bahodir ISMOILOV,
Bosh prokuratura akademiyasi
Korrupsiyaga qarshi kurashish
ilmiy taʼlim markazi boshligʻi;
Umid ABDURAHIMOV,
Bosh prokuraturaakademiyasi magistranti.

1 351
OʻzA