Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.05.2018 16:06 Chop etish versiyasi

Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari

2018-yil 9-aprelda qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga alohida o‘rin berilgan. Ochiqlik va shaffoflik, tortishuv va xolislik, mutanosiblik, davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabilar shular jumlasidandir.

Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llanilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminarda bu alohida qayd etildi.

Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari N.Jo‘rayev yangi qonunning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Qonunda davlat xaridlari jarayoniga qo‘yilgan umumiy talablar, elektron do‘kon, auksion, tanlov, tender, tadbirkorlik subyektlariga yengilliklar berish, xarid qilish tartib-taomillari nazorati, shikoyat qilish mexanizmi, davlat xaridlari masalalari bo‘yicha nizo va qarama-qarshiliklarni hal etish masalalari qamrab olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilanib, unga davlat xaridlari bo‘yicha qator vakolatlar berildi. Davlat xaridlari tartib-taomillarini amalga oshirish, rejalashtirish, soha bo‘yicha monitoring va shartnoma tuzilishi hamda ijro etilishini o‘z ichiga oladigan davlat xaridlari jarayonini qamrab olishga qaratilgan tizimli yondashish shular sirasiga kiradi. Qolaversa, qonunda davlat xaridlari bo‘yicha tanlov va tenderlarni o‘tkazish mezonlarining aniq belgilab qo‘yilgani ham muhim ahamiyatga ega. Bunda xarid komissiyasi faoliyati, tanlov hamda tender o‘tkazish uchun e’lonlar, ularda qatnashish uchun takliflar berish, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha shartnomalarni tuzish tartibi ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, qonunda davlat xaridlarida tadbirkorlik subyektlari uchun yengilliklar va ularni qo‘llash, xarid qilish tartib-taomillarining davlat hamda jamoatchilik nazorati, shuningdek, xaridlar samaradorligining tahlili orqali mazkur turdagi xaridlarni monitoring va nazorat qilishning ahamiyati ochib berilgan. Statistika axborotini taqqoslash hamda tahlil etish orqali amalga oshiriladigan tekshiruvlar davlat organlarining sohadagi qonun hujjatlarini bajarishi ustidan nazorat qilishning asosiy shakli hisoblanadi. Bu boradagi jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining moliya-iqtisod, yuridik xizmat xodimlari hamda bosh buxgalterlari ishtirok etgan tadbirda qonun ijrosi samarali ta’minlanishi mamlakat iqtisodiyoti rivojiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 281