O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:25 Chop etish versiyasi

Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik boʻyicha PEFA tez orada oʻz xulosasini beradi

Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik boʻyicha PEFA tez orada oʻz xulosasini beradi Avval xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 22-avgustdagi “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik metodologiyasi mezonlari asosida davlat moliyasini boshqarishning samaradorligini baholashni oʻtkazish choralarini koʻrish belgilangan. Shu talablarga asosan Jahon banki va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Toshkentda boʻlib, davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligini PEFA metodologiyasi mezonlari boʻyicha baholashdan oʻtkazdi.

“Poytaxt” biznes markazida oʻtkazilgan navbatdagi seminar davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligi boʻyicha yakuniy xalqaro baholash xulosalari tahliliga bagʻishlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz va xorijning moliyaviy tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligini PEFA metodologiyasi mezonlari asosida baholashdan oʻtkazish moliyaviy barqarorlikni taʼminlash hamda hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda muhim omil ekani taʼkidlandi.

Seminarda joriy yilning 20-sentyabridan shu kunga qadar PEFA doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalari sarhisob qilindi. PEFA – mamlakat davlat moliyasini boshqarish (DMB) tizimi samaradorligi darajasini aks ettiruvchi diagnostik mexanizm boʻlib, u fidutsiar kafolat instrumentni, yaʼni investitsiyalarni kiritish va kreditlashtirish yoʻlidagi ishonchli baho va tuzilmadir. PEFA mezonlari asosida davlat moliyasi 3 natija, 7 rukn, 31 koʻrsatkich va 94 parametr talablari boʻyicha baholanadi. Ayniqsa, PEFA bahosi Yevropa Ittifoqi, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar uchun juda muhimdir.

Qayd etilganidek, PEFA delegatsiyasi tashrifi doirasida bir qator uchrashuvlar tashkil etildi. Unda PEFA metodologiyasi mezonlari boʻyicha baholash tamoyillari hamda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha tajribalar almashildi.

Tashkil etilgan seminarda ishtirokchilar PEFA baholash metodologiyasi boʻyicha olingan xulosalar asosida ilmiy va amaliy bilim, tajriba va koʻnikmaga ega boʻldi. Baholash natijalari uzoq muddatli davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Seminarda davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligi boʻyicha PEFAning yakuniy xulosalari tez orada taqdim etilishi taʼkidlab oʻtildi.



Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
832