O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 10:17 Chop etish versiyasi

Davlat soliq qoʻmitasining targʻibot guruhi Surxondaryo viloyatida boʻldi

Davlat soliq qoʻmitasining targʻibot guruhi Surxondaryo viloyatida boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B.Musayev boshchiligidagi targʻibot guruhi Surxondaryo viloyatida boʻldi.

Targʻibot guruhi Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni hamda soliq sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

Davlat soliq xizmati organlarining shaxsiy tarkibi bilan boʻlib oʻtadigan uchrashuvlarda har bir soliq xodimi oʻz ishiga vijdonan yondashishi, “Soliq xizmati – insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani soʻzsiz bajarishi lozim. Ushbu masala soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Uchrashuvda soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgan omillar, xususan, soliqlar yigʻiluvchanligi darajasining oshishiga salbiy taʼsir qilayotgan holatlar qayd etilib, mazkur muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqlar yigʻiluvchanligining oshirilishini taʼminlash yuzasidan mutasaddi xodimlarga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Qumqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan tadbirda viloyatning Uzun, Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Oltinsoy hamda Jarqoʻrgʻon tumanida faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlik subyekti vakillari ishtirok etdi. Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda soliq islohoti konsepsiyasiga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan eʼtiboran soliq solish tartibiga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi. Tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga toʻsiq boʻlayotgan muammolar haqida fikr almashildi.

– Mazkur tadbir soliq toʻlovchilarga sohada olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda soliq madaniyatini yanada oshirish maqsadida oʻtkazilmoqda, – deydi Davlat soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi B.Ismoilov. – Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari duch kelayotgan muammolarni oʻrganib, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda ularning takliflarini inobatga olgan holda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish rejalashtirilayotir.

Termiz shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Sherobod, Termiz, Boysun, Qiziriq, Muzrabot, Angor tumanlari va Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan 300 dan ortiq tadbirkorlik subyekti vakillari ishtirok etdi.

– Seminar davomida soliq yukini kamaytirish borasida berilayotgan yengilliklarni tinglab, oʻzimcha hisoblab koʻrdim, – deydi “Surxon Termiz Chinni” MCHJ hisobchisi N.Eshqobilova. – Korxonamizda 100 ga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Ularning ish haqidan joriy yilning 6 oyida 31,7 million soʻm sugʻurta badali hisoblanib, byudjetga toʻlangan. Konsepsiyaga muvofiq, sugʻurta badalining bekor qilinishi natijasida 2019 yilda xodimlar ixtiyorida 70 million soʻm qolishi kutilmoqda. Bu har bir xodimning oyligi oʻrtacha bir yilda 1 million soʻmga oshadi degani. Berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kelgusida yana 100 ga yaqin ish oʻrni yaratmoqchimiz.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ayrim turdagi soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning bekor qilinishi hamda soliq stavkalarining pasayishi natijasida kelgusi yilda Surxondaryo viloyatida 270 milliard soʻm mablagʻ tadbirkorlar va jismoniy shaxslar ixtiyorida qoladi.

Dilnoza Allayarova,
Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va 
huquqiy axborot shoʻʼbasi katta inspektori