O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 17:52 Chop etish versiyasi

Davlat soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchilarni pasportlashtirish tizimini joriy etmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tajriba tariqasida poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani tadbirkorlarini pasportlashtirish jarayonini boshlab yubordi.

Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 26 iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan boʻlib, unda davlat soliq maʼmuriyatchiligi tizimini takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlari belgilangan.

Qarorda xususan, 2018 yil 1 oktyabrdan davlat soliq xizmati organlari soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun asos boʻladigan koʻzdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq toʻlovchilarning pasportlashtirilishi yuritilishi belgilangan.

Davlat soliq qoʻmitasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 54 mahallada tajriba tariqasida tadbirkorlar pasportlarini tuzish tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bunda soliq organlari xodimlari tomonidan korxonalarning belgilangan manzilda joylashgani, kompaniya faoliyati turi oʻrganilmoqda, xodimlar sonini koʻrsatilgan hisobot bilan taqqoslanib, hujjatsiz mehnat qilayotgan tadbirkorlar aniqlanmoqda.

Shu maqsadda Mirzo Ulugʻbek tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 17 ishchi guruhi tuzildi. Uning tarkibiga shuningdek, Toshkent shahar hokimligi moliya boʻlimi, tuman tijorat banklari, davlat soliq boshqaruvi va inspeksiyasi xodimlaridan iborat 170 nafar kishi kirgan.

Bugungi kunda poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida qariyb 8 ming nafar xoʻjalik subyekti roʻyxatdan oʻtgan. Ularning 6 ming nafardan ziyodi yuridik shaxslar va qariyb 2 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlardir.

Tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan shu kungacha 6 ming nafardan ortiq tadbirkorning pasporti tuzilib, maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Shulardan 1172 nafari chakana savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari, 342 nafari umumiy ovqatlanish, 576 nafari ishlab chiqarish faoliyati, 238 nafari qurilish, 2554 nafari xizmat koʻrsatish sohasida mehnat qilayotgan tadbirkorlar, 1035 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlardir.

Bu kabi tadbirlar samarasida muntazam soliq toʻlashdan bosh tortuvchi shasxlar aniqlanadi. Shuningdek, bu soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish imkonini beradi.

Roman Bondarchuk, OʻzA