O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar davom etmoqda

Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar davom etmoqda

Termiz shahrida 10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, harbiylar, sportchilar, shoir va yozuvchilar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashgan tantanali tadbirda chorak asrdan ortiq vaqtdan buyon Davlatimiz madhiyasi yoshu keksa qalbiga ozod va obod Vatanimizdan g‘ururlanish tuyg‘usini in’om etayotgani ta’kidlandi.

– Madhiyamiz mazmuni, musiqasi o‘zining milliyligi, xalqimizga xos shijoatliligi, jarangdor ruhi bilan har qalblarga faxr bag‘ishlaydi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari M.Allamurodov. – Yoshlarni Ona Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida ulg‘ayishga da’vat etadi. U shuning uchun ham u muqaddasdir.

Ozod va osuda mamlakatimiz suverenitetining ulug‘ ramzi bo‘lgan Davlat madhiyasining satrlarida mard, mehnatkash xalqimizning orzu-umidlari, kelajakdagi yanada farovon hayotga qat’iy ishonch tuyg‘usi o‘z ifodasini topgan. Buyuk ajdodlarimizning asriy armonlari go‘zal tashbehlarda aks ettirilgan. Unga yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning chuqur hurmat-ehtirom bilan qarashi muqaddas va sharafli burchga aylangan.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar ana shu haqda faxr bilan, to‘lqinlanib gapirdi.

Viloyatda bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. 

1 561
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA