Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 15:06 Chop etish versiyasi

Davlat idoralari xalqqa xizmat qiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya hayotda o‘z ifodasini topayotgani xalq manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. Ana shu maqsad yo‘lida jamiyatning barcha sohalari chuqur isloh qilinayotir.

Shu bilan birga, davlatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish, umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qo‘yilgan maqsadlarga erishish davlat boshqaruvining yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uyg‘un faoliyatini tashkil etishni taqozo etadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 8-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur hujjat iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani modernizatsiyalash, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish bo‘yicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Unda innovatsion rivojlanishning zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim yo‘nalishlar belgilab berildi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha ma’muriy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari doirasida ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslari yanada takomillashtiriladi. Bunda ijro etuvchi hokimiyat organlari, jumladan, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarini tashkil etish va tugatishning aniq mezonlari hamda tartib-taomillari joriy qilinadi.

Ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va bo‘linmalari optimallashtiriladi. “Elektron hukumat” tizimi yanada keng joriy etiladi. Bu axborot almashish va davlat xizmat ko‘rsatish tizimlari kengayishiga, aholiga keng qulaylik yaratilishiga zamin yaratadi.

Ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari, ularni amalga oshirish mexanizmlarini aniqlashtirib, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlari takomillashtiriladi.

Iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatish yanada qisqartiriladi va boshqaruvning bozor mexanizmlari kengaytiriladi. Vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlari takomillashtiriladi. Davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar joriy etiladi.

Professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangani ana shu maqsadda amalga oshirib kelinayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi. Korrupsiyaga barham berishga qaratilgan amaliy mexanizm yaratilishi barcha sohada haqqoniy faoliyatga, ya’ni ish samaradorligi oshishiga sharoit yaratadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilib, ma’muriy adliya tizimi rivojlantiriladi. Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining samarali amalga oshirilishi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da alohida o‘rin tutgan bu yo‘nalish bo‘yicha Adliya vazirligi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga kirishdi. Shu maqsadda 2018-yil 1-martga qadar ma’muriy adliya tizimini ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning mansabdor shaxslari qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilish tartibini takomillashtirish hamda nizoni sudgacha hal qilish usuli sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etish orqali rivojlantirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanadi.

Alohida qayd etish kerakki, ma’muriy islohotlarni amalga oshirish natijasida ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimi yaratiladi. Shu jumladan, davlat boshqaruvi tizimi byurokratiyadan xoli bo‘ladi va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimi faoliyatining samaradorligi va ochiqligi ta’minlanadi. Fuqarolar huquq va erkinliklarini himoyalashning ta’sirchan mexanizmlari yaratiladi. Aholi hayoti farovonlashadi va ularning ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasi oshadi.

Sherzod Rabiyev,

O‘zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i.

O‘zA
1 990






Все о погоде - Pogoda.uz