O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Davlat gerbi – maʼnaviy-madaniy merosni aks ettiruvchi timsoldir

Davlat gerbi – maʼnaviy-madaniy merosni aks ettiruvchi timsoldir

Har qaysi xalq va millatning milliy urf-odat hamda anʼanalari, ezgu orzu-intilishlari davlat ramzlarida oʻz ifodasini topgan boʻladi.

Mana bu yil xalqimizning maʼnaviy-madaniy merosi, tarixi, orzu umidlari, ezgu maqsadlarini oʻzida mujassam etgan davlatimiz ramzlaridan biri, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganiga 28 yil toʻldi.

Barchamizga maʼlumki, 1992-yil 2-iyulda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan. Mazkur qonunga asosan, Gerbimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, hokimliklar, qoʻmitalar, tashkilotlar, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari binolari, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining peshtoqida oʻrnatilgan.

Gerbimiz tasviri davlat idoralarining muhr va blankalarida, rasmiy nashrlarda, milliy pul, qimmatli qogʻozlar va obligatsiyalarda, pochta markalarida, fuqarolik pasportlarida aks ettiriladi. Mamlakatimiz davlat chegaralarida barpo etilgan salobatli darvozalardagi Davlat gerbi barchamizga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi. Vatan ostonasidagi yurt tamgʻasini koʻrib, qalbimiz beixtiyor entikadi.

Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi oʻz aksini topgan. Gerbimizdagi har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy maʼno bor. Unda tarovatli vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasvirlangan. Bu serquyosh zaminimiz, goʻzallikda tengi yoʻq diyorimiz ifodasidir. Purviqor togʻlar oralab oqayotgan daryolar – mangulik timsoli, xalqimiz koʻzlagan marralarning sarbalandligidan dalolatdir. Gerbning yuqori qismida xalqimiz ozodligi va hamjihatligini ifoda etuvchi musamman – sakkizburchak ichida moviy osmondagi yarim oy va yulduz aks etgan. Bu milliy anʼana va qadriyatlarimizning bardavomligi, yuksak maʼnaviyatimiz, iroda va eʼtiqodimiz mustahkamligiga ishoradir.

Gerbdagi chambarda chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlari hamda oltinrang bugʻdoy boshoqlari tasvirlangan. Paxta va gʻalla azaldan yurtimizda farovonlik, toʻkinlik, moʻl-koʻlchilik manbai hisoblanadi. Bu qadimdan yurtimizda dehqonchilik madaniyati rivojlangani, rizq-roʻzimiz butunligini, mamlakatimizning bugungi salohiyati ifodasi.

Gerbimiz markazida saodat, himmat, olijanoblik, omad, timsoli boʻlgan afsonaviy Humo qushining qanotlarini yozib parvozga shaylanib turgani oʻz ifodasini topgan. Xalqimiz Humo qushini azal-azaldan baxt va davlat qushi sifatida tasavvur etib kelgan. Davlatimiz gerbining pastki qismida, bayrogʻimizni ifodalovchi chambar bandiga barchamiz uchun aziz va muqaddas boʻlgan “Oʻzbekiston” soʻzi bitilgan.

Tamgʻamizdagi barcha ramz va timsollar xalqimizning shaʼnu shavkati, gʻururi, or-nomusi, tarixiy xotirasini oʻzida mujassam etgan. Uning tinchlik, ezgulik, baxt-saodat, toʻkinlik, farovonlik yoʻlidagi orzu-umidlarini ifoda etadi. Gerbimiz har bir yurtdoshimiz uchun faxru iftixor manbai, yoshlarimizni vatanparvarlik, ajdodlarimiz anʼanalariga sodiq farzandlar etib tarbiyalash yoʻlidagi muhim vosita hamdir.

Davlatimiz ramzlarini eʼzozlash har bir vatandoshimizning muqaddas burchidir. Davlatimiz ramzlari, shu jumladan, Gerbi qonun bilan muhofaza qilinadi. “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonunda belgilanganidek Oʻzbekiston fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekistonda turgan oʻzga shaxslar davlatimiz Gerbini hurmat qilishlari shart.

Zero, Vatanimiz ramzlari xalqimizning shon-sharafi, gʻururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etgan. Ularni eʼzozlash oʻzining, oʻz mamlakatining qadr-qimmatini bilgan har bir insonning muqaddas burchidir.

Habibulla MATKARIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Namangan viloyati boʻlimi rahbari.

1 373
O'zA