O‘zA O`zbek

30.07.2020 Chop etish versiyasi

Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tizimi raqamlashtirildi

Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tizimi raqamlashtirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida sohada joriy etilgan interaktiv xizmatlar loyihalari taqdimotiga bagʻishlangan videoselektor oʻtkazildi.

Unda tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ularning sifatini yana-da oshirish va korrupsiya holatlarini bartaraf etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

photo_2020-07-30_19-09-49.jpg

Qayd etilganidek, hozirgi kunda qoʻmita tomonidan hududlarda yuqori va oʻrta darajada xavfli toifaga mansub obyektlarni davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish, kompensatsiya toʻlovlarini qoʻllash tizimlarini raqamlashtirish borasida yangi interaktiv xizmatlar loyihalari joriy etildi.

Oʻzbekistonda davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tizimi 23 yil avval, yaʼni 1997-yili joriy etilgan boʻlib, ushbu tizimning asosiy maqsadi rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda faoliyatni amalga oshirish mumkinligini aniqlashdan iborat.

photo_2020-07-30_19-09-56.jpg

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, hududlarda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatish xavfi mavjud boʻlgan 150 mindan ortiq ishlab chiqarish obyekti faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 9 mingtasi I va II toifaga, 8 ming 800 tasi III toifaga, 3 mingtasi esa IV toifaga mansub boʻlgan korxonalardir. Bugungi kunda amaldagi davlat ekologik ekspertizasi toʻrt bosqichda amalga oshiriladi. Bu esa oʻz navbatida, maʼlum muddatni talab qiladi. Xususan, keyingi yillarda oʻrtacha yillik loyiha hujjatlari koʻrib chiqish soni 25 mingtani tashkil qilgan.

Tadbirda tizim faoliyatidagi bu kabi holatlar tahlil qilinganda, mavjud mexanizm zamon talablariga mos kelmasligi aytib oʻtildi. Avvallari ekspertiza xulosasini olish, ayniqsa, viloyatlardagi buyurtmachilar, yaʼni tadbirkorlar uchun koʻplab muammolarni yuzaga keltirgan. Masalan, respublikaning chekka hududidagi buyurtmachi shartnoma olish uchun Toshkent shahriga bir kelsa, loyihani tasdiqlatish uchun yana takror kelishga toʻgʻri kelgan. Qolaversa, markaz xodimlari tomonidan taqdim etilgan loyiha atroflicha oʻrganilib, yakuniy xulosa berilgunga qadar buyurtmachi uzoq vaqt kutishiga toʻgʻri kelgan. Bu jarayondagi ortiqcha mablagʻ va vaqt sarflanishi koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlgan.

photo_2020-07-30_19-10-04.jpg

Bugungacha tizimda eskicha qogʻozbozlik tizimi saqlanib qolgani sababli xulosalar va ekologik loyihalarning bir nusxasi qogʻoz koʻrinishida ishlab chiqarish obyektiga taqdim etilgan, ikkinchi nusxasi arxivga topshirilgan edi.

Shuni inobatga olib Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tizimi interaktiv xizmat sifatida elektron koʻrinishida ishga tushirildi.

photo_2020-07-30_19-10-08.jpg

Mazkur qulaylik tufayli buyurtmachilarning arizalari va davlat ekologik ekspertizasi materiallari elektron shaklda topshiriladi.

Davlat ekologik ekspertizasi xulosalari elektron koʻrinishda buyurtmachilarning shaxsiy kabinetlari orqali elektron imzo bilan tasdiqlangan holda taqdim etiladi.

photo_2020-07-30_19-10-16.jpg

Shuningdek, xizmatlar uchun belgilangan toʻlovlar oferta koʻrinishida elektron ravishda barcha onlayn toʻlov amaliyot turlari orqali amalga oshiriladi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish borasidagi vazifalar kelishib olindi.


5 936
Abdulaziz MUSAYEV, Aʼlo ABDULLAYEV (surat), OʻzA