Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 16:16 Chop etish versiyasi

Davlat dasturi loyihasiga takliflar qabul qilinadi

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini 2017-yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida erishilgan natijalarni chuqur o‘rganish va puxta tahlil qilish maqsadida fuqarolar o‘rtasida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga 2018-yil Davlat dasturi loyihasiga aholidan takliflar va loyihalar olinmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoatchilik bilan aloqalar menejeri Akbar Ergashevning ta’kidlashicha, so‘rovnoma aholining keng qatlamlari, jumladan, yoshlar, davlat xizmatchilari, tadbirkorlar, pensionerlar o‘rtasida tarqatilmoqda. So‘rovnomani www.strategy.uz elektron manzilidagi alohida sahifa, shuningdek, mobil telefoni orqali ham to‘ldirish mumkin.

Ijtimoiy so‘rovnoma Prezidentimizning 2017-yil 15-avgustdagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishida belgilangan vazifalar asosida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Unga muvofiq joriy yilda mamlakatimizni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish hamda 2018-yil Davlat dasturi loyihasiga kiritish uchun fuqarolardan takliflarni to‘plash rejalashtirilgan.

Fuqarolar so‘rovnomada ishtirok etish orqali Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar va jamiyatimizda ro‘y bergan o‘zgarishlarga baho beradi. Respondentlardan, xususan, ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan eng muhim tadbirlar, davlat boshqaruvi organlarining xalq bilan muloqot qilishida, fuqarolarga bo‘lgan munosabatidagi o‘zgarishlar haqidagi fikrlari so‘raladi.

Jamoatchilik fikri so‘rovi shu yilning oktabr oyiga qadar barcha hududlardagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan Harakatlar strategiyasi xonalari, mahalla fuqarolik yig‘inlari, korxona va tashkilotlarda o‘tkaziladi.

Barcha ma’lumotlar umumlashtirilib, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyaga taqdim etiladi.

Davlatimiz rahbarining farmoyishiga muvofiq, 2018-yil Davlat dasturi loyihasiga kiritiladigan takliflar keng jamoatchilik ishtirokida dastlabki muhokamadan o‘tgandan so‘ng ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Behzod Bozorov, O‘zA
2 035






Все о погоде - Pogoda.uz