O‘zA O`zbek

14.08.2018 19:05 Chop etish versiyasi

Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalarining yarim yillik yakunlari ko‘rib chiqildi

Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalarining yarim yillik yakunlari ko‘rib chiqildi
Parlament quyi palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2018 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,7 foizga o‘sib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi, byudjet daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,7 foizni tashkil qildi.

– Mamlakatda olib borilayotgan valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlarni tashkil etish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda, – deydi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Nilufar Saidaxmedova. – Hisobot davrida mamlakatimizda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, xususan, zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish, turizm salohiyatini oshirish, kichik biznes subyektlari salmog‘ining ortishi hisobiga mikrofirma va kichik korxonalardan Davlat byudjetiga tushumlar miqdori 1 trillion 109 milliard so‘mni tashkil qilib, 2017 yilning ushbu davriga nisbatan 39,7 foiz o‘sgan.

2018 yilning birinchi yarim yilligi davomida ko‘chmas mulk obyektlarini va yer maydonlarini yalpi xatlovdan o‘tkazish natijasida soliq bazasi kengayib, resurs to‘lovlari va mulk solig‘i bo‘yicha Davlat byudjetiga 5 trilliondan ortiq mablag‘ undirilishiga erishildi.

Shu bilan birga, o‘tgan davrda Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli ishlatilishida va ularning samaradorligini ta’minlashda hamon xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rish mumkin. Bu borada o‘tkazilgan davlat moliyaviy nazorat tadbirlari natijasida 2 ming 275 ta byudjet tashkilotlarining 1 ming 887 tasida moliyaviy xatoliklar, pul mablag‘lari va moddiy boyliklarning kamomadi, o‘zlashtirishlar va noqonuniy xarajatlar aniqlandi. Ayniqsa, bu kamchiliklarni xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat ishlari, qishloq va suv xo‘jaligi sohalari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tizimlarida ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiya yig‘ilishida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash, zamonaviy ishlab chiqarishni izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar eksport hajmining muayyan tarzda ko‘payishiga, ichki bozorni arzon, sifatli, xaridorgir mahsulotlar va tovarlar bilan to‘ldirishga, aholi xarid qobiliyatining ortishiga, jahon bozorida milliy iqtisodiyotni raqobatbardoshligini ta’minlanishiga xizmat qilayotganligi qayd etildi.

Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish hamda soliq-byudjet siyosati sohasidagi, xususan, soliq ma’muriyatchiligini va byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2018 yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti tasdiqlangan parametrlarga muvofiq amalga oshirilib, 144,3 milliard so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilishi ta’minlanganligi qayd etildi.

Hisobot davrida xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinganligi aytildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, shahar va qishloq joylarda turmush sharoitini yanada yaxshilashni ta’minlovchi arzon uy-joylar barpo etish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilganligi alohida e’tirof etildi.

Bahs-munozalar, savol-javoblar, bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida fraksiyalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 843