O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun loyihasida qanday yangiliklar bor?

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun loyihasida qanday yangiliklar bor?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 26 noyabrda o‘tkazilgan majlisida yangi tahrirdagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma’qullangan edi.

Ayni paytda parlament quyi palatasining barcha qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi, Davlat budjeti boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda ishchi guruhlarda mazkur qonun loyihasi keng muhokamada moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.

Yangilangan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida normativ-huquqiy bazani soddalashtirish, to‘lash, hisobga olish, qaytarish tartiblari hamda davlat boji stavkasini belgilash tartiblari o‘rnatilmoqda.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi ilovasida davlat bojlari bilan birga patent bojlari va to‘lovi ham tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan. Biroq qonun loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirga ega ekanini e’tiborga olgan holda, normativ-huquqiy hujjatlarda davlat bojini to‘lash, qaytarish va to‘lovdan ozod etish mexanizmlarini tartibga solish zarurati tug‘ilmoqda.

Shu sababli, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga asosan, ayrim qonunosti hujjatlarida davlat bojlari stavkasi AQSh dollarida belgilangan bo‘lib, ushbu qonun loyihasida ularni bazaviy hisoblash miqdoriga o‘tkazish tartibi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, xorijdan chet el valyutasida to‘langan davlat bojlarini milliy valyutaga qayta hisoblanib, budjetga yo‘naltirish imkoniyatini yaratish masalalarini ham qonun loyihasida qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, xorijda yashayotgan shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida undirilishi yuklatilgan vazirliklar va idoralar veb-saytlarida AQSh dollarida tasdiqlangan davlat bojlari stavkalarini erkin valyutadagi qiymatini doimiy ravishda rasmiy joylashtirishni taklif etilmoqda.

Parlament quyi palatasida “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan deputatlarning muhokamasi qizg‘in davom etmoqda.

1 695
O‘zA