O‘zA O`zbek

19.03.2019 17:11:26 Chop etish versiyasi

Darsliklar zamon talabiga mos boʻlsin


Har bir xalq maʼnaviy kamolotining darajasi, har qanday mamlakat taraqqiyoti, avvalo, taʼlim bilan bogʻliq.

Taʼlim sohasidagi davlat siyosati uzluksiz taʼlim tizimi prinsipiga asoslanishi qonunchiligimizda belgilab qoʻyilgan. Mana shu uzluksiz tizimda farzandlarimizning kelajagiga asosiy poydevor qoʻyiladigan bosqich – bu maktab taʼlimidir.

Shuning uchun ham bugungi kunda umumiy oʻrta taʼlim tizimini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, yoshlarning har tomonlama kamol topishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga boʻlgan sayʼ-harakatlar koʻlami kengayib bormoqda. Bu tizimni rivojlantirish uchun bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ilgʻor qarashlarga asoslangan koʻp tarmoqli ishlar, islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, maktablarning moddiy-texnik bazasi, soha xodimlari uchun sharoit kundan-kunga yaxshilanib borayotgan bir paytda taʼlim sifati va uning natijalari biz kutgandek boʻlmayapti. Yoshlarning bilim darajasi, savodxonligi bilan bogʻliq qator muammolar mavjudki, bu holat barchamizni tashvishga solishi tabiiy.

Oʻtgan yili abituriyentlarning 55 foizi 50 ball ham toʻplay olmagan

Oliy Majlis Senatining yaqindagina boʻlib oʻtgan oʻn sakkizinchi yalpi majlisida Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash qoʻmitasi tashabbusi bilan umumtaʼlim maktablari darsliklarining bugungi holati muhokama qilindi. Bir qator savollar bayon etilgan parlament soʻrovi Bosh vazir oʻrinbosariga yuborildi.

Sababi, oʻquvchilar bilimi, ularning oʻzlashtirish darajasi talabga javob bermayotgani bilan bogʻliq. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2017-2018 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 8, 9-sinf oʻquvchilari orasida “Ona tili” va “Matematika” fanlaridan oʻtkazilgan yozma ish natijalari qoniqarli emas.

Masalan, 8-sinf oʻquvchilari orasida “Ona tili” fanidan oʻtkazilgan diktant natijalariga koʻra, oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasi 72 foizni, 9-sinf oʻquvchilari orasida “Matematika” fanidan oʻtkazilgan yozma ish natijalari 54 foizni tashkil etgan. “Ona tili” fani boʻyicha oʻzlashtirish Toshkent shahrida 58 foizni, Namangan viloyatida 32 foizni, “Matematika” fani boʻyicha esa Qoraqalpogʻiston Respublikasida 26 foizni, Namangan viloyatida 23 foizni, Toshkent shahrida 13 foizni tashkil etgan.

Oliy oʻquv yurtlariga 2018 yilda test sinovlari topshirgan abituriyentlar toʻplagan ballar tahlil qilingan. Test sinovlarini topshirgan 600 mingdan ortiq abituriyentning 55 foizi asosiy mutaxassislik (fizika, kimyo, matematika, biologiya, geografiya) fani boʻyicha 50 ball ham toʻplay olmagan.

Barcha sharoitlar yaratilgan boʻlsa, nima sababdan farzandlarimiz fanlarni oʻzlashtira olmayapti?

Bu holatga taʼsir etadigan omillar koʻp, albatta. Oʻqituvchining bilimi, pedagogik mahorati va oʻqitish metodikasining talablarga javob berish-bermasligidan tashqari yana bir omil borki, bu – darsliklardir.

Oʻquvchilarning oʻzlashtirishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, oliy taʼlim muassasasiga kirishida koʻzlangan natijaga erishishiga toʻsqinlik qilayotgan omillardan biri – darsliklarning talab darajasida yaratilmagani bilan bogʻliq ekani aniqlandi.

Mamlakatimizda umumiy oʻrta taʼlim maktablari darsliklarini tayyorlash va nashr etish boʻyicha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining “2005-2009 yillarda umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr etish dasturi toʻgʻrisida”gi, “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilingan.

Xalq taʼlimi vazirligi huzurida Respublika taʼlim markazi tashkil etilib, uning qoshida Ilmiy-metodik kengashlar tuzilgan, Moliya vazirligi huzurida byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Soʻnggi uch yilda Davlat byudjeti va maqsadli kitob jamgʻarmasining qariyb 307 milliard soʻm mablagʻiga 98 million nusxadan ortiq darsliklar chop etilgan.

Biroq, sohada olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramasdan, darsliklar oʻquvchilarning yoshi, aqliy, fiziologik va psixologik rivojlanish davriga muvofiq tayyorlanishida qator muammolar saqlanib qolmoqda. Bu esa oqibatda fanlarni oʻzlashtirish darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Darsliklarni tayyorlash va nashr etish borasida mustahkam qonunchilik asoslari yaratilmagani, amaldagilari ham toʻliq bajarilmayotgani darsliklarda koʻplab xatolik va nomutanosibliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bu yoʻnalishdagi ishlarimizni takomillashtirish uchun nima qilish kerak? Avvalo, darslik yaratishga oid normativ-huquqiy asoslarni mustahkamlash talab etiladi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Darsliklarni ishlab chiqish uchun mualliflar tarkibini tanlab olish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq, darslikni tanlab olish boʻyicha komissiyaga kelib tushgan darsliklarni koʻrib chiqish va baholash toʻgʻrisidagi axborot sir saqlanishi belgilangan. Bu holat darslik loyihalarini shaffof baholash, ular yuzasidan keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, oʻqituvchilar, ota-onalar, ekspert va boshqa mutaxassislarning haqqoniy, xolis munosabatini bilish imkonini yoʻqqa chiqaradi. Bugungi kunda har bir qonun, qaror va nizomlar jamoatchilik va soha mutaxassislarining ochiq muhokamasidan oʻtkazilayotgani eʼtiborga olinsa, darsliklar loyihasi, mutaxassislar taqrizi, ekspertlar fikr va xulosasi ochiqligini ham taʼminlash vaqti kelgan, deya olamiz.

Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Darsliklarni ishlab chiqish uchun mualliflar tarkibini tanlab olish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda esa darsliklar loyihasini tegishli fan oʻquv dasturlari asosida ishlab chiqish, ekspertlar guruhi tomonidan bu loyihalarni qanday mezonlar asosida baholash tartibini ham hozirgi kun talablari asosida ishlab chiqish zarur.

Ayrim darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar bor

Darsliklar tenderda gʻolib boʻlgan turli nashriyotlar tomonidan chop etilishi ham oʻquv materialining uzviyligi, uygʻunligi va izchilligini hamda predmetlararo aloqaning bogʻliqligini taʼminlashga toʻsiq boʻlmoqda.

9-sinf “Oʻzbekiston tarixi” (“Sharq”, 2014) darsligida “XIX asrning oxirida qoraqalpoqlarning ilk yozma asarlari paydo boʻla boshladi...” deb maʼlumot berilgan boʻlsa (84-bet), 8-sinf “Oʻzbekiston tarixi” (“Oʻqituvchi”, 2014) kitobida “XVIII asrdan boshlab qoraqalpoq yozma adabiyoti shakllandi va rivojlana bordi...” (112-bet) deyiladi.

8-sinf “Algebra” oʻquv yili oxirida oʻtiladigan taqribiy hisoblashlarga oid mavzu, 8-sinf “Fizika” va “Kimyo” fanlarida ushbu mavzular yil boshidan kiritilgan.

Bu holat tenderda qaysi nashriyot gʻolib boʻlishi va kitob qayerda chop etilishidan koʻra, shu jarayonlarni muvofiqlashtirish, fanlararo integratsiyani taʼminlashga masʼul ekspertlar faoliyatidagi kamchiliklardir.

Ayrim darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumlik va nomuvofiqliklar ham mavjudligi oʻqituvchi va oʻquvchilarni chalgʻitmoqda. Jumladan, 8-sinf “Oʻzbekiston tarixi” darsligining 21-mavzusida Xiva xonligida hunarmandchilikning 27 sohasi mavjud boʻlgani xaqida yozilsa, shu darslikning 24-mavzusida mazkur xonlikda hunarmandchilikning 50 dan ortiq turi mavjud, deb maʼlumot berilgan.

8-sinf “Jahon tarixi” darsligining 12-mavzusida Angliyada monarxiyaning qayta tiklanish davri, deb 1660 yil koʻrsatilgan boʻlsa, aynan shu darslik oxirida keltirilgan muhim tarixiy sanalarda bu davr 1688 yil, deb qayd etilgan.

Bunday misollarni boshqa fanlar boʻyicha darsliklarda ham uchratish mumkin. 

Darsliklarni tayyorlashda yakka mualliflik tamoyilidan voz kechish zarur

Aksariyat hollarda darsliklar nazariyotchi olimlar tomonidan amaliyotdan yiroq holda yaratilmoqda. Darsliklarning nazariyotchi olimlar tomonidan yaratilishi, mavzularni yoritish masalasi birgina muallifning ijodiy yondashuviga bogʻliq boʻlib qolgan. Ushbu jarayonga tajribali maktab oʻqituvchilari jalb etilmasligi, ulardagi ayrim mavzu va topshiriqlar oʻta murakkablashib, ogʻir va ilmiy uslubda yozilishiga olib kelgan. Bu esa nafaqat oʻquvchi, balki oʻqituvchi uchun ham qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda. 

Bugun umumtaʼlim maktablarida oʻqitilayotgan 19 ta darslik yakka mualliflar tomonidan yaratilgan. Mualliflar guruhini shakllantirish muhim. Darsliklarni tayyorlashda yakka mualliflik tamoyilidan voz kechish, mualliflar jamoasi, jumladan, nazariyotchi olimlar, metodist olimlar, muntazam amaliyotda boʻlgan pedagoglar, davlat tilini puxta biladigan mutaxassislar, kuchli psixolog va ideologlar tomonidan tayyorlangan darsliklarni qoʻllab-quvvatlash zarur.

Yana bir achinarli holat shundaki, taʼlim davlat tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda oʻzbek adabiyoti fanining dasturi va darsliklarini qayta koʻrish talab etiladi.

Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 10 va 11-sinf adabiyot darsliklarida oʻzbek adabiyotini oʻzlashtirishga butun boshli oʻquv yili uchun bor-yoʻgʻi 4-8 soat ajratilgan, xolos. Qanday qilib bunday ahvolda yoshlarda oʻz Vataniga muhabbat, el-yurtiga hurmat va sadoqat tuygʻularini shakllantirish mumkin?! Agar rus tilida tahsil olayotgan 581 mingdan ortiq bolaning aksariyati oʻzbek farzandlari ekanini inobatga olsak, bu savollarning naqadar ogʻriqli ekanini his qilish qiyin emas.

Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun darsliklarni boshqa tillarga tarjima qilishga jalb etilayotgan tarjimonlar salohiyatini baholash, ularning malakasini oshirish, oliy oʻquv yurtlarida darsliklarni tarjima qilishga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash ishiga ham alohida eʼtibor qaratish kerak.

Prezidentimiz Parlamentga Murojaatida “Inson kapitaliga eʼtiborni kuchaytirishimiz, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishimiz shart”, deb alohida taʼkidladi. Buning uchun kadrlar tayyorlashning barcha boʻgʻinlarida yoshlarning savodxonligi, salohiyati bilan bogʻliq masalalarni chuqur oʻylab, hammamiz birgalikda harakat qilishimiz zarur.

Gulchehra Rixsiyeva,
Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va
sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari