O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 12:33 Chop etish versiyasi

Daromadini soliqdan yashirganlar aniqlandi

Daromadini soliqdan yashirganlar aniqlandi

Fargʻona viloyati davlat soliq idoralari tomonidan daromadlarini yashirgan bir qator tadbirkorlik subyektlari aniqlandi.

Xususan, avgust oyida Margʻilon shahrida olib borilgan oʻrganishlar davomida 5 nafar mulk egalari oʻzlariga tegishli savdo shoxobchalarini bir qancha tadbirkorlik subyektiga har oyda 300 ming soʻmdan 3 million soʻmgacha haq olish evaziga ijaraga berganlari va ular bilan tuzilgan shartnomalarda ijara summalarini toʻliq koʻrsatmasdan yashirganlari, shuningdek, ayrim tadbirkorlik subyektlari bilan ijara shartnomalari tuzmaganliklari aniqlanib, mulk egalariga 80 million soʻm miqdorida qoʻshimcha daromad (deklaratsiya) soligʻi hisoblandi. Uarga Margʻilon shahar davlat soliq inspeksiyasining tegishli talabnomalari yuborildi.

Fuqaro X.Furqatjonga tegishli boʻlgan obyektda xuddi shunday holat aniqlandi. Margʻilon shahri B.Margʻiloniy koʻchasida joylashgan 4 ta savdo shoxobchasini ijaraga berishdan olayotgan daromadini davlat soliq idoralaridan yashirib kelgan fuqaroga 2014-2018-yillar uchun 26 million soʻmdan ortiq qoʻshimcha (deklaratsiya) soliq hisoblandi.

Oʻrganishlar davomida yuqoridagi holat fuqaro A.Behruz bilan ham kuzatildi. U 2014-2018-yillar davomida Margʻilon shahridagi 3 ta savdo shoxobchasini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berganligiga qaramay, ular bilan ijara shartnomasi tuzmaganligi hamda 2014-2016-yillar davomida savdo shoxobchasini ijaraga berishdan olgan daromadi boʻyicha davlat byudjetiga daromad (deklaratsiya) soligʻi toʻlamaganligi aniqlanib, fuqaroga 2014-2018-yillar uchun qariyb 13 million soʻm miqdorida qoʻshimcha daromad (deklaratsiya) soligʻi hisoblandi.

Guvohi boʻlib turganingizdek, ayrim shaxslarning soliqlardan boʻyin tovlashi hanuz davom etmoqda. Shuni yoddan chiqarmasligimiz kerakki, Oʻzbekiston fuqarosi ekanmiz, bizning qator huquqlarimiz bilan birga davlatimiz oldida bir qancha majburiyatlarimiz ham bor. Soliqlarni oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda toʻlash ana shu majburiyatlarning biridir.

M.Sulaymonov, OʻzA