O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Daromad oshsa kambagʻallik ham qisqaradi

Daromad oshsa kambagʻallik ham qisqaradi

Navoiy viloyati Konimex tumanida aholining kambagʻallik darajasini qisqartirish, ishsiz oilalarni doimiy daromad manbalari bilan taʼminlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, ayni yoʻnalishdagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atroflicha oʻrganilmoqda. Jumladan, ushbu jarayonlarda bir qancha tadbirkorlar hamrohligida “Temir daftar”ga kiritilgan xonadon egalari bilan suhbatlar oʻtkazildi.

– Tumandagi 10 ming 207 oilaning yashash sharoitlari oʻrganib chiqildi, 806 ta kambagʻal oilalar borligi maʼlum boʻldi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulegenova. – Bu raqamlar aholi soniga nisbatan kambagʻallik darajasi 9,5 foizni tashkil qilayotganini koʻrsatmoqda.

Mazkur jihatlar qatʼiy inobatga olingan holda, tuman sektor rahbarlari tomonidan aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha manzilli reja ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda tumanda manzilli rejaga asosan joriy yilning yakuniga qadar jami 752 ta yoki 93,3 foiz kambagʻal oilalarni “Temir daftar”dan chiqarish boʻyicha zaruriy ishlar olib borilmoqda.

Hududda kambagʻal oilalarni doimiy ish bilan band qilib, “Temir daftar”dan chiqargunga qadar pandemiya davrida ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida sektor rahbarlari boshchiligida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida tadbirkor va tuman faollari xayrli ishlarning boshida turibdi.

Bugungi kungacha “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan tumandagi 974 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 780,5 million soʻmlik homiylik yordamlari hamda kundalik ehtiyojlari uchun zarur boʻladigan oziq-ovqat mahsulotlari bepul yetkazib berilgan. Ayniqsa, 81 oilaga 64,4 million soʻmlik chorva, parranda, asalari uyasi olib berilgan. 6 ta oila uchun 13,3 million soʻm mablagʻ evaziga yengil konstruksiyali issiqxona qurildi. Shuningdek, 9 ta oilaga dehqonchilik yuritish uchun ijaraga yerlar ajratilgan.

Tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi mablagʻlari hisobidan 273 nafar kambagʻal va ishsiz fuqarolar jamoatchilik asosida vaqtinchalik ishga joylashtirilgan.

Darhaqiqat, bugungi kunda “Temir daftar”dagi 752 oilaning 72 tasi tumandagi korxona va tashkilotlarga doimiy ishga joylashtirilgan. Shu bilan birga, mazkur oilalarga tadbirkorlni yoʻlga qoʻyishi uchun kredit mablagʻlari ajratilib, asalarichilik faoliyatini tashkil qilish, milliy shirinlik ishlab chiqarish uchun pechlar, payvandlash uskunalari, tikuv mashinalari olib berishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotgan bunday ishlar tuman aholisini kambagʻallikdan chiqarishda muhim omil boʻlmoqda.

1 212
Nuriddin RAHIMOV, OʻzA