O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

Daraxtlar noqonuniy kesilishiga qarshi choralar kuchaytiriladimi?

Daraxtlar noqonuniy kesilishiga qarshi choralar kuchaytiriladimi?

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar noqonuniy kesilishi bo‘yicha tarqalayotgan xabarlar muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holatlar bo‘yicha fuqarolarning ko‘plab murojaat va shikoyatlari O‘zbekiston Ekologik harakati, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga ham kelib tushmoqda.

Bu murojaatlarda daraxtlar kesilishi, mamlakatimiz iqlim sharoitiga mos kelmaydigan (turli igna bargli) daraxt turlari ekilayotgani va ular qarovsizlik sababli qurib qolayotgani yuzasidan e’tirozlar bildirilmoqda.

Toshkent davlat agrar universitetida shu kabi salbiy holatlarning oldini olish, masalaga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish va yashil tabiatni asrash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan joylarda daraxtlar noqonuniy kesilishiga qarshi olib borilayotgan kurash xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Xususan, poytaxt fuqarolaridan kelib tushgan murojaat asosida joriy yilning o‘tgan davrida 100 dan ortiq ekologik reydlar tashkil etilgan bo‘lib, ularning aksariyati daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq. Birgina Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘y bergan so‘nggi holat bo‘yicha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xulosasi bilan 87 dona igna bargli daraxt, diametri 83,1 santimetr bo‘lgan 3 kasallangan va qurigan chinor va sofora daraxti kesilishiga ruxsat berilgan. Biroq Chilonzor va Yunusobod tumanlarida ham ayrim ko‘chalar va tashkilotlar atrofi ta’mirlanayotgani tufayli daraxtlar e’tiborsiz kesilgani yoki tanasigacha asfalt qilinayotgani aniqlanmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida (Qo‘shchinor ziyoratgohi) daraxt kesilishi, shuningdek, Samarqand shahri bulvarida ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq 100 yillik daraxtlarning kesilish holatlari hamon davom etayotgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Tadbirda mutaxassislar joylardagi daraxt va butalar soni va sifati haqida aniq ma’lumot yo‘qligi, daraxtlarda kasalliklarni aniqlash bo‘yicha kuzatuvlarda botanik-mutaxassislar jalb etilmasligiga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha o‘z fikrlarini aytib o‘tdi. Xususan, park, xiyobon va boshqa jamoat joylarida daraxt kesilishi va yashil qoplama rekonstruksiyasi jarayonlari bo‘yicha xulosa qabul qilishda jamoatchilikning ishtirok etish mexanizmi shakllanmagan. Sohada tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malakali va boy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarning yetishmasligi kabi muammolar ham e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

– Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda partiyamiz tomonidan hukumatga daraxt kesilishiga moratoriy kiritish, noqonuniy daraxt kesilishiga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan jazo sanksiyalarini kuchaytirish taklifi berildi, – dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Sanginov. – Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy hokimiyat organlari va tegishli boshqarmalar tomonidan aholini joylarda kesilishi mo‘ljallanayotgan daraxtlar haqida oldindan ma’lumotga ega bo‘lish imkonini yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan bu boradagi qonuniy tizimni takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar tayyorlandi. Jumladan, hokimiyat va davlat ekologiya qo‘mitasiga joylarda rejalashtirilayotgan daraxt kesilishi va rekonstruksiya qilinishi bo‘yicha ma’lumotlarni fuqarolarga yetkazish majburiyatini yuklash, daraxt va butalar holatini o‘rganish bo‘yicha komissiyalar tarkibiga botanik-mutaxassislarni kiritish, noyob daraxt turlarining noqonuniy kesilishiga nisbatan jazo sanksiyalarini kuchaytirish taklifi bildirildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan mavzu bo‘yicha berilgan savollarga mutaxassislar javob berdi.

3 342
Abdulaziz MUSAEV, O‘zA