O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Dan Shextman: “Ilm shunday narsaki, mazmun-mohiyatini anglaganingiz sayin, ohanrabodek o‘z domiga tortadi“

Dan Shextman: “Ilm shunday narsaki, mazmun-mohiyatini anglaganingiz sayin, ohanrabodek o‘z domiga tortadi“

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Nobel mukofoti sovrindori Dan Shextman bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Isroil Fanlar akademiyasi, AQSh milliy texnik akademiyasi hamda Yevropa fanlar akademiyasi a’zosi, professor Dan Shextman dastlab institutdagi ilmiy faoliyat uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. 

– Ilm qilish oson emas. Buning uchun inson hamma narsadan voz kechib, faqat aql bilan bo‘lishi kerak. Ilm shunday narsaki, mazmun-mohiyatini anglaganingiz sayin, ohanrabodek o‘z domiga tortadi. Men ilmni qadrlagan davlat kelajagini porloq, deb bilaman. Ilmga umrini baxshida etgan kishi esa vaqt qadrini biladi, uni bekor o‘tkazmaydi. Natijada, jamiyat uchun, butun dunyo uchun u kerak kishiga aylanadi. Mavjudotlar ichidagi ongli insonga bundan-da ortiq baxt kerak emas, – dedi Dan Shextman. 

Institutda YuNESKOning “Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi“ kafedrasi tashkil etilgan va sohalararo platforma sifatida faoliyat yuritmoqda, uning maxsus laboratoriyasi barpo etilmoqda. Shuningdek, institutda Shvesiya Qirollik universiteti bilan hamkorlikda “Geoinformatika“ markazi, AQShning John Deer va Rossiyaning “Rostselmash“ kompaniyalarining maxsus markaz va sinflari tashkil etilgani alohida e’tirof etildi. 

–Keyingi yillarda institutda ta’lim dasturlarini, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini xorijlik talabalar va mutaxassislar bilan boyitish, ilmiy yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ishlariga katta e’tibor berilmoqda, – dedi institut matbuot xizmati rahbari Rahim Jumaniyozov. – Natijada institutimiz mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba 2020 yil uchun QSning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingida qayd etildi. 

Texnion – Isroil texnologiya instituti professori, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextmanning institutga tashrif buyurishi talabalarda katta taassurot qoldirdi. Institut magistrant va tadqiqotchilari olim bilan kvazikristall kashfiyoti va ilmiy tadqiqotlari yuzasidan fikr almashdi. 

Dan Shextman 11 noyabrga qadar O‘zbekistonda bo‘ladi. 

241
Dilobar MAMATOVA, O‘zA