Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 11:15 Chop etish versiyasi

Dadajonimday jasur harbiy bo‘laman

Vatanimiz suverenitetini himoya qilish, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz tinchligini ta’minlash yo‘lida jon fido qilgan insonlar xotirasini har qancha e’zozlasak, shuncha kam.

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidagi Sarvontepa qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan marhum kapitan Rejabboy Ro‘ziboyev ham xalqimizning mard o‘g‘lonlaridan biri edi. Vatani va xalqi tinchligi yo‘lida jon fido qilgan Rejabboy qisqa, lekin mazmunli va ibratli hayot kechirdi.

– Rejabboy nihoyatda kamtar, mard, qat’iyatli va bir so‘zli yigit edi, – deydi akasi To‘lanboy Ro‘ziboyev. – Har qanday ishga katta mas’uliyat bilan yondashardi. Shu bois ham nafaqat oilada, balki do‘stlari, mahalla-ko‘y o‘rtasida hurmat qozongan. Ayniqsa, uning harbiy sifatida erishgan yutuqlaridan barchamiz faxrlanar edik.

Darhaqiqat, Rejabboy bolaligidan tirishqoq, maqsad sari qat’iy intiladigan bo‘lib o‘sdi. Maktabda a’lo baholarga o‘qidi, sportning yengil atletika turi bilan shug‘ullandi, o‘z mahoratini doimiy oshirib bordi. Buning samarasi o‘laroq, u tuman, viloyat va hatto mamlakat miqyosidagi musobaqalarda g‘olib bo‘ldi.

Buloqboshi tumanidagi 22-umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlagach, Toshkent politexnika instituti (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti)da tahsil oldi. 1994 yildan boshlab Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax va Andijon viloyatlaridagi harbiy qismlarda xizmat qildi. Qayerda bo‘lmasin, harbiy burchni namunali ado etdi. Qo‘l ostidagi askarlarga ham talabchan bo‘ldi. Harbiy xizmati davomida topshirilgan har qanday vazifani a’lo darajada ado etishi, burchiga sadoqati va fidoyiligi bilan o‘zining yuksak salohiyatini, insoniy fazilatlarini namoyon eta oldi. O‘z ishining yetuk mutaxassisi bo‘lgan mohir, bilimdon va tajribali ofitser sifatida xizmatdoshlari orasida hurmat-e’tibor topdi.

2005- yil, 13- may. Bahorning sokin tunlaridan biri. Kapitan Rejabboy Ro‘ziboyev o‘zi xizmat qilayotgan Andijon shahridagi harbiy qismda navbatchi edi. Tongga yaqin bir guruh diniy ekstremistlar harbiy qismga qurolli hujum qildi. Tinch-osoyishta kunlarda to‘satdan qilingan bu xunrezlik ko‘pchilikni sarosimaga solgan edi. Biroq qism ofitserlarining tezkor sa’y-harakati bilan barcha harbiylar darhol mudofaaaga safarbar etildi. O‘rtada shiddatli jang boshlandi. Ming afsuski, bu jangda kapitan Ro‘ziboyevning ko‘ksiga dushman o‘qi tegib, mardlarcha halok bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay yovuz dushman to‘la tor-mor etildi. O‘shanda qirq yoshga kirgan Rejabboyning vafoti haqidagi mudhish xabar uning oilasi, aziz farzandlari, aka-ukalarini qon qaqshatdi.

– Turmush o‘rtog‘imning mard va jasurligi, Vatanga, harbiy burchga sadoqati farzandlarim uchun hamisha ibrat, – deydi turmush o‘rtog‘i Lola Abdullayeva. – U kishi haqiqatdan ham boshqacha, ota-onasiga, oilasiga, aka-ukalariga mehribon, shirinso‘z va saxiy edi. Afsuski, hayotdan erta ketdi, yurtimiz, men kabi onalarning tinchligi uchun jon fido etdi.

Kapitan Rejabboy Ro‘ziboyev ko‘plar havas qilsa arziydigan ibratli oila sohibi edi. Uning ortidan uch farzandi – qizlari Shahnoza va Sabina, o‘g‘li Shohruxbek qoldi. Turmush o‘rtog‘i farzandlarini ham ona, ham ota bo‘lib voyaga yetkazdi. Mard va jasur otalari kabi farzandlari ham yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib kamol topdi. To‘ng‘ich farzand Shahnoza harbiy qismda aloqachi bo‘lib ishlaydi, Sabina Andijon qishloq xo‘jaligi instituti talabasi, kichigi Shohruxbek esa Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakultetida tahsil olmoqda. U ham kelajakda otasidek ofitser, Vatan himoyachisi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

– Dadam bilan faxrlanaman, – deydi Shohruxbek. – Dadam mard, jasur, qat’iyatli va bir so‘zli inson edi. Kelajakda men ham dadajonimdek el-yurtga fidoyi inson bo‘lishga harakat qilaman.

Bugun yurtimizda Vatanimizning mard o‘g‘lonlari xotirasi yod etilib, oilalariga hurmat-ehtirom, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Vatan himoyachilari kuni oldidan Andijon viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi v
iloyat kengashi vakillari ishtirokida marhum kapitan R. Ro‘ziboyevning oilasiga Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan moddiy yordam va sovg‘a-salomlar topshirildi.

Rejabboy Ro‘ziboyev singari Vatan himoyachilari nomi, ularning mardligi hech qachon unutilmaydi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
979