O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 15:05 Chop etish versiyasi

Chustda aholi bandligi qanday yoʻl bilan taʼminlanmoqda?

Chustda aholi bandligi qanday yoʻl bilan taʼminlanmoqda?

Bandlik dasturi – amalda

Namangan viloyati Chust tumanida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 130 dan ziyod xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻsh ish oʻrni bilan ishtirok etdi.

Tadbirga tumandagi 30 mahalladan bandlik markaziga murojaat qilgan ishsiz fuqarolar jalb etildi. 120 kishi haq toʻlanadigan jamoat ishlariga, 200 nafardan ziyod fuqaro korxona va tashkilotlar, fermer xoʻjaliklarida ish bilan taʼminlanadigan boʻldi. Oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli bank kreditlari ajratish boʻyicha 82 nafar fuqarodan ariza qabul qilindi. 69 nafar fuqaroga ishga yoʻllanma berildi.

– Ikki kun davom etgan yarmarka doirasida olis qishloq mahallalariga sayyor mehnat yarmarkalari tashkil etildi, – deydi Chust tumani bandlikka koʻmaklashish markazi direktori A.Rapiqov. – Markaz xodimlari va bir qator hamkor tashkilotlar mutaxassislari joylarda yurib, aholi oʻrtasida mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot berishdi. Natijada 80 dan ziyod kishi oʻziga munosib ishga yoʻllanma olishga muvaffaq boʻldi.

Shuningdek, tadbirda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakillari tomonidan chet elda ishlash istagini bildirgan 60 dan ziyod fuqaro bilan tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi.

Yarmarkada tijorat banklari tomonidan hunarmand, tadbirkor xotin-qizlarga “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga muvofiq 200 dan ziyod zamonaviy tikuv mashinalari imtiyozli kredit shartlari asosida berildi.

Akromjon Sattorov, OʻzA